Breaking News

Bush: Rossiya tinchlik istasa, Gruziyani tark etsin


AQSh Gruziya-Rossiya o'rtasidagi mojaroni Yevropa bilan hamkorlikda diplomatik yo'llar bilan hal etish rejasida qat'iy ekanini bildirmoqda.

Davlat kotibasi Kondoliza Raysning Kavkaz masalalari bo'yicha muovini Metyu Brayza (Matthew Bryza) Tbilisiga maxsus elchi sifatida, tinchlik o'rnatishda vositachilik qilish vazifasi bilan, yuborilgan.

Rossiya qo'shinlari Janubiy Osetiyani butunlay o'z nazoratiga olib, endi poytaxt Tbilisi tomon yo'nalmoqda.

Shahar atrofidagi strategik inshootlar, jumladan aeport va radar tizimlari bombardimon qilinmoqda degan xabarlar tarqalar ekan, Prezident Jorj Bush Oq Uyda favqulodda majlis o'tkazgan.

Xavfsizlik va tashqi siyosat bo'yicha maslahatchilari bilan muloqot ketidan Bush Rossiyani Gruziya bilan sulh imzolashga chaqirdi. "Rossiya tinchlik istasa, harbiy harakatlarni bas qilib, orqaga qaytsin",- deya talab qildi Bush.

Rossiya qurolli kuchlari Abxaziyani egallashga ham urinmoqda va u yerda yangi front ochilgani haqida ma'lumotlar bor.

Bush nazarida Kreml Gruziyaning demokratik ravishda saylangan prezidenti Mixail Saakashvilini hokimiyatdan ag'darishga urinayotgan bo'lishi mumkin.

"Mustaqil, suveren davlatga nisbatan bosqinchilik qilish XXI asrda qabul qilinmaydigan harakat",- deydi Bush.

Bu orada AQSh Gruziyadan 170 dan ortiq fuqarosini chiqarib olgan. Diplomatlarning oilalari ham evakuatsiya qilinmoqda.

Janubiy Ossetiya va Abxaziya Sovet Ittifoqi qulagach, Gruziyadan ajralib chiqish uchun kurash boshlagan. 1991-92 yillarda qonli urushlar kuzatilgan.

Har ikki mintaqa o’zini mustaqil deb e’lon qilgan, ammo xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan.

Janubiy Osetiya aholisi qariyb 70 ming, asosan nasroniy.

Abxaziyaning aksariyati nasroniy va musulmonlardan iborat aholisi esa taqriban 250 ming.

Bu mintaqalarda ko’pchilik Gruziya emas, Rossiya bilan yaqinlikni ma’qul ko’radi. Har ikki mintaqada Rossiya pasportiga ega fuqarolar ko’p.

Rossiya bosh vaziri o'rinbosari Sergey Ivanov Amerika matbuotiga bergan intervyusida Saakashvili hukumatini AQShga tamoman tobe, uning "satelliti'", ya'ni dumi deb atadi.

Ivanov bunda Gruziyaning 2003 yildagi inqilob ketidan hokimiyatga kelgan yosh rahbarining Bush ma'muriyati tomonidan keng quvvatlanishi va demokratiya namunasi deya ko'rsatilishiga ishora qilmoqda.

XS
SM
MD
LG