Breaking News

Urushda Gruziyadan o'tadigan neft quvuriga zarar yetmagan


Ayrim mutaxassislar fikricha, Rossiya Gruziyaga qarshi Janubiy Osetiya sabab emas, balki yonilg’i quvurlari ustidan urush boshlagan.

Boku-Tbilisi-Jayhun quvuri - jahonning eng zamonaviy va uzun neft ta'minoti tizimlaridan biri.

1600 kilometrlik quvur Ozarbayjon neftini Rossiyani chetlab o’tgan holda Gruziya va Turkiya orqali G’arbga uzatadi.

3 milliard dollarlik quvur ikki yil burun ishga tushgan. Undan kuniga 850 ming barrel neft o’tadi. Neft Kaspiy dengizidan keladi.

Germaniyaning Kyoln shahrida yonilg’i masalalari bo’yicha tahlilchi Aleksandr Vostmanning aytishicha, quvur na Rossiya va na Eron orqali o’tadi. Shu sabab loyiha nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy tus ham olgan.

G’arbiy Yevropa neft va gazning asosiy qismini Rossiyadan oladi. Ammo strategik sabablarga ko’ra, yonilg’i olishning muqobil yo’llarini ham izlagan. Boku-Tbilisi-Jayhun quvuri AQSh hukumati yordamida G’arb tomonidan qurilgan.

Gruziyadagi mojaro hozircha quvurga zarar yetkazmagan. Shunga qaramay uning bir qismi yopilib so’nggi bir necha kun ichida quvur orqali neft o’tmagan.

Ba’zi mutaxassislar Rossiya harbiy harakatlari bilan raqobatga zarba bermoqda desa, vashingtonlik mutaxassis Deyvid Kirsh fikricha, gap faqat yonilg’i haqida emas.

"Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziyadagi manfaatlarini himoya qilishga urinmoqda. G’arbning yonilg’i bobidagi manfaatlarini nishonga olmagan",- deydi Kirsh.

Gruziyadagi mojaroga qaramay neft narxi jahon bozorida so’nggi uch haftadan buyon tushib bormoqda. Bunga asosiy sabab Shimoliy Amerika va G’arbiy Yevropada neftga bo’lgan talabning keskin pasaygani ko’rsatilmoqda.

XS
SM
MD
LG