Breaking News

Bushning yosh mustaqil davlatlarga nisbatan siyosati qoralanmoqda


Rossiya-Gruziya orasidagi urush tugadimi yo’qmi bu hozircha noaniq. Kavkazdan kelayotgan xabarlar mintaqa hamon alanga ostida ekanidan darak bermoqda. Kreml harbiy harakatlar to’xtatildi deya qayd etmoqda.

Xalqaro masalalar haqida yaxshi bilmaydigan amerikaliklar mojaro zaminini tushunishga harakat qilmoqda. Mamlakat matbuotida AQShning Rossiya va Gruziyaga nisbatan siyosati keng tahlil ostida.

Amerika siyosatdonlari Gruziyani himoya qilish uchun Rossiyaga qarshi biror bosim vositasiga ega emasmiz der ekan, Vakillar Palatasida xalqaro masalalar bilan shug’ullanuvchi qo’mita a’zosi Xovard Berman “Kremlni qilmishlari haqida o’ylatishga kuchimiz yetadi”,- deya ishonch bildirmoqda.

Uning aytishicha, Rossiya AQSh bilan atom energiyasi sohasida hamkorlik bitimi imzolashni istaydi va bu boradagi qonun loyihasi hozir Kongress qo’lida.

Qonun qabul qilinmasa, Rossiya milliardlab dollar sarmoyadan ayriladi deydi kongressmen. Shuningdek, deydi AQSh qonunchilari, Rossiyani Katta Sakkizlikdan chiqarish, uni Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo’lishiga yo’l qo’ymaslik, qolaversa 2014 yil Sochida o’tadigan Qishki Olimpiya o’yinlarini boykot qilish, hatto Xalqaro Olimpiya Qo’mitasiga musobaqalarni u yerda o’tkazmaslikni tavsiya qilish mumkin.

Rossiya hukumati bu kabi ogohlantirishlardan cho’chimayotgan ko’rinadi. Nega cho’chishi kerak, deya hayron bo’ladi siyosiy sharhlovchi Richard Koen.

Bu urush Bush ma’muriyati Rossiya, qolaversa sobiq ittifoq davlatlariga nisbatan qanday siyosat yuritishni bilmasligini yana bir bor isbotladi, deydi Richard Koen. "Rossiya ko’p jihatdan qudratli va uning atrofidagi davlatlar iqtisodiy va xavfsizlik bobida unga tobe".

Xalqaro muvozanatni ta’minlovchi muhim faktorlardan biri shuki, deydi tahlilchi, katta davlatlar va kichik davlatlar o’rni qayerda ekanini bilishi kerak. Gruziya Rossiya bilan o’chakishib, nimaga erishmoqchi bo’ldi? Undan ajralib chiqishga ahd qilgan mintaqalar bilan “yosh boladek” muomala qilish strategik xato deydi sharhlovchi.

Amerika hukumati eshitishni istamaydigan yana bir haqiqat, deydi Richard Koen, AQSh Lotin Amerikasini o’z hovlisi deb hisoblaydimi, demak Rossiyaning ham Sharqiy Yevropa, Kavkaz, qolaversa Markaziy Osiyo singari mintaqalarda o’z ta’sirini saqlashga urinayotganini tan olish kerak.

Rossiya geografik va shu tariqa iqtisodiy jihatdan bu hududlarda ustunlikka ega. “Rossiyaga ana shu haqiqatni tan olishimizni izhor eta olsak, balki u bilan til topishish osonroq kechar”,- deydi Richard Koen.

Uning fikricha Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin o’zini G’arbni yoqtirmaydigan rahbardek tutsa-da, aslida uning ko’p tomonlariga havas bilan qaraydi. Rossiya uchun achchiq haqiqat shuki, G’arb Putinni yoqtirmay qo’ygan. Bu esa Rossiya uchun katta minus, deydi Koen.

Gruziya aholisining urush dahshatida qolganini televizorda tomosha qiliayotgan amerikaliklar hukumatni Mixail Saakashviliga yordamga shoshishga undamoqda. Oq Uy diplomatiyaga zo’r berayotganini aytadi.

Ziyolilar esa “Rossiya agar Britaniya, Fransiya yoki Germaniyaga hujum qilganida darhol harbiy yordamga borgan bo’lardik. Lekin Gruziyaga bunday ko’mak taklif qilish uchun hali erta”, - deydi, ya’ni ular nazarida Saakashvili hukumati hali AQShning qudratli va ishonchli hamkorlari qatoriga kirmaydi.

BMT Xavfsizlik Kengashi, jahon tinchligini ta’minlash uchun javobgar eng oliy tizim ham Amerika matbuotida keskin tanqid ostida. Deyarli bir haftadan beri davom etayotgan qonli mojaro haqida hali bir fikrga kela olmagani, bu tashkilotning keraksiz ekanidan dalolat, deydi siyosiy sharhovchi Jorj Uill, “Vashington Post” (The Washington Times) gazetasida chop etilgan maqolasida.

Sobiq SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti sifatida tarix sahifalariga kirgan Mixail Gorbachev G’arb gazetalarida bosilgan maqolalarida AQSh va Yevropani aqlsiz siyosatda tanqid qilmoqda.

Gruziyaga quruq va’dalar berib, o’zlari yaxshi tushunmaydigan mintaqaga aql o’rgatish global tinchlikka nisbatan tahdid emasmi, deya so’raydi Gorbachev.

Uning fikricha Janubiy Osetiya va Abxaziya muammosi portlashni kutib yotgan bombalar edi. Tomonlarni gijgijlamasdan, tinch muzokaralar orqali yechim qidirish o’rniga, deya mushohada qiladi Gorbachev, Rossiyadek yirik harbiy kuchga ega davlat biqinida mayda etnik guruhlarga zo’ravonlik qilish va Kremlning g’ashiga tegish Gruziyaga qimmatga tushmoqda.

O’zini demokratik va erkin jamiyat namunasi deya faxrlanuvchi Gruziya qo’shnilar bilan chiqisha olmasa, barqarorlik va tinchlik bo’lmasligini anglashi lozim, deydi Gorbachev. Gruziya hududiy yaxlitligini saqlab qolmoqchi bo’lsa, mintaqalarga keng erkinlik va vakolatlar beradigan federal tuzum haqida o’ylashi kerak deydi u. AQSh oldida turgan asosiy vazifa, Gorbachev nazarida, ob’yektiv yondashuv va Gruziya qurolli kuchlariga yordamni to’xtatish.

Svante Kornell, Kavkaz masalalari bo’yicha tahlilchi, "Nyu-York Tayms" (The New York Times) gazetasida yozgan maqolasida deydiki, Gruziya tavakkal qilib boy berdi, ammo Rossiya agressiv qadamlari uchun jahon hamjamiyati oldida javob berishi kerak.

Uning fikricha AQSh Rossiyaga o’zga davlatga bostirib kirish rivojlangan davlatga xos bo’lmagan qadam ekanini uqtirib, uni Katta Sakkizlikda chiqarib yuborishi kerak.

Gruziya NATOga qabul qilinishi kerak, toki u kattaroq davlatlar himoyasiga o’tsin, deydi Kornell.

Tahlilchi nazarida Gruziya sobiq ittifoq hududidagi AQShga eng sodiq davlat. Iroqqa ikki ming askarini yo’llab, Amerikaga samimiy yordam berib kelayotgan, unga tayanib erkin jamiyat qurishga intilayotgan xalq deydi Kornell.

Ko’pchilik bir narsada yakdil: hozirgi urush uzoq yillardan beri ikki tomonda yig’ilib qolgan g’azab va kelishmovchilik mahsuli.

XS
SM
MD
LG