Rossiya MDHning istalgan davlatini istilo qilishi mumkinmi?


Ayrim tahlilchilar fikriga ko’ra, Kavkazdagi mojaro Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligining mutlaq layoqatsizligini ko’rsatgan.

Gruziya prezidenti MDH tarkibidan chiqishini e’lon qilar ekan, boshqa a’zo davlatlarni ham shunga chaqirgan.

Ba’zi tahlilchilar Rossiya o’z manfaatlari yo’lida MDHning istalgan davlatiga qo’shin tortishi mumkin, degan xavotirda.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, MDHning to`laqonli a`zosi Gruziyaning hududiy yaxlitligi masalasi ko`rilayotgan bir paytda tashkilot namoyish etgan sustkashlik va harakatsizlik uning layoqatsizligidan nishonadir.

Gruziya prezidenti MDH tarkibidan chiqish qarorini tashkilot faqat Rossiya foydasiga ishlayotgani bilan izohladi. Gruziyadan keyin Ukraina ham MDHni tark etishi mumkiligi haqida mulohazalar bor.

Ekspertlar nazarida Rossiya va Gruziya o`rtasidagi urush hududiy yaxlitlik bilan bog’liq, demak, bu MDH davlatlarini tashvishga solmasligi mumkin emas.

Hamdo’stlikning har birida hududiy mojarolar mavjud. Rossiya o`z fuqarolarini himoya qilishni maqsad qilganmi, demak, bu hududlarga kirish uchun ham asos topadi.

Ayrim ekspertlar shu bois MDHning ba`zi davlatlaridagi sukutni munosabat sifatida izohlamoqda.

Tashkilotga raislik qilayotgan Qirg`iziston muammoni muzokara bilan hal etish haqida bayonot berdi. Biroq bu bayonot ortidan real harakatlar kuzatilmadi.

Qirg`iziston matbuotida bu borada borayotgan muhokamalar esa ancha tashvishli.

Jumladan, ekspert Asqarbek Mambetovning aytishicha, agar urush tufayli Janubiy Osetiya Gruziya tarkibidan ajaralib chiqadigan bo`lsa, Rossiya uchun bu tajribani MDHning boshqa davlatlarida qo`llashga ham yo`l ochiladi.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov qirg`iz ekperti fikrlarini asosli deb hisoblaydi.

“Mana biz qanday qudratli davlatmiz, deya Rossiya uning irodasi bilan hisoblashish kerakligini ko’rsatmoqda. Rossiyada qo`shinlarni olib kirish uchun jiddiy sabab bo`lgandir. Baribir, bunday qilishdan oldin oqibatlari haqida jiddiy o`ylab ko`rish kerak edi. Buni intervensiya deb aytish mumkin. Rossiya MDHning poydevori hisoblanadi. Haqmiz, to`g’rimiz, deb o`ylab o`zi kutmagan natijalarga sabab bo`lishi mumkin”, - deydi Tolipov.

Uning aytishicha, Janubiy Osetiyadagi urush MDH inqirozi cho`qqiga chiqqanidan dalolat bermoqda.

“MDHga oxirgi bo`lib kirgan davlat birinchi bo`lib chiqib ketdi, bu inqirozdan dalolat. Buyog`iga MDH zaiflashishda davom etaveradi”, - deydi Tolipov.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi vakili Bobomurod Razzoqov urush haqida asosan Rossiya televideniyesi orqali axborot olingan deydi. Uning fikricha, davlat o`z fuqarolarini himoya qilishi kerak, faqat agressiya yo`li bilan emas.

“Fuqarolarimizning qanchasi tashqariga ish izlab ketayapti, halok bo`layapti, lekin davlatimiz bu masalani ko`tarib chiqmadi. Davlat o`z fuqarolarini qayerda bo`lishidan qat’iy nazar himoya qilishi kerak, faqat agressiyaga o`tmasligi kerak”, - deydi u.

Qirg’izistondan farqli, o`zbek matbuotida MDHda kechayotgan urush haqida biror muhokama uchramaydi, rasmiy munosabat esa sukutdan iborat.

Bobomurod Razzoqovning aytishicha, sukut saqlash hukumat siyosatiga xos odat.

“SSSR parchalanishida ham bunga guvoh bo`lganmiz, hukumat pozitsiyasi faqat kutishdan iborat edi, vaqti kelganda bir bo`lakni uzishga harakat qilishdi, siyosatga faol aralashish kerak, undan ajralib yashab bo`lmaydi. Dunyo siyosatida bu achinarli ko`rinsa kerak, hukumat rahbarlarida Gruziyadagi voqealar, agressiyani kim boshlagani haqida ko`proq ma`lumot bo`lsa kerak”, - deydi Razzoqov.

XS
SM
MD
LG