Qo'shma Shtatlar Gruziyaga yordam jo'natmoqda


AQSh prezidenti Jorj Bush Gruziyaga gumanitar yordam va’da qilgan.

Kechaning o’zida 12 kishidan iborat AQSh harbiy mutaxassislari Gruziyaga mamlakat ehtiyojlarini o’rganish uchun borgan.

Pentagon so’zlovchisi Brayan Vitmanning aytishicha, kecha AQShdan Gruziyaga ilk insonparvarlik yordami yetkazilgan.

Dori-darmon, choyshablar va palatkalar. Bugun poytaxt Tbilisida yana bir AQSh samolyoti qo’nishi kutilmoqda.

Vitmanga ko’ra, AQSh harbiy mutaxassislari Gruziyaning harbiy yordamga bo’lgan ehtiyojlarini ham o’rganib chiqadi.

Pentagon Gruziya prezidentining AQSh qo’shinlari mamlakat aeroportlari va bandargohlari xavfsizligini ta’minlaydi degan bayonotini inkor etmoqda.

Prezident Bush fikricha Gruziyaga havodan va dengiz orqali gumanitar yordam yetkazib turiladi.

U Rossiyani AQShning bu harakatlariga g’ov bo’lmaslikka chaqirgan.

Rossiya barcha aloqa va transport yo’llarini gumanitar yordam uchun ochiq tutadi degan umiddamiz, deydi u.

Pentagon so’zlovchisi Gruziyani AQShning eng yaqin ittifoqchilaridan deb atagan. Gruziya AQShning Iroqdagi operatsiyalari uchun 2000 qo’shin ajratgan, ammo Kavkazda mojaro boshlangach ularni chaqirib olishga majbur bo’lgan.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays ham Tbilisiga yo’l olmoqda. Fransiyada u prezident Nikolya Sarkozi bilan uchrashib, Gruziyadagi ahvolni muhokama qilgan.

Rays Gruziyada ertaga bo’ladi. Uning aytishicha, Rossiya sulh bitimini buzmasligi kerak, aks holda xalqaro hamjamiyat uni yakkalab qo’yishi mumkin. Xabarlarga ko’ra, Rossiya harbiy harakatlarini davom ettirmoqda. Gruziyaning strategik hisoblangan Gori shahrida bugun bir necha portlash yuz bergan.

AQSh rasmiylariga ko’ra, rus qo’shinlari hozir Qora Dengiz bo’yidagi Poti shahrida Gruziyaga qarashli harbiy infratuzilmani nosoz holatga keltirmoqda.

Bugun Gruziya parlamenti yakdillik bilan Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligidan chiqish uchun ovoz bergan.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev esa Moskvada Janubiy Osetiya va Abxaziya rahbarlari bilan uchrashgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Rossiya ushbu bo’lginchi hududlarni qo’llab-quvvatlashda davom etadi. Gruziya hududiy daxlsizligini unutsa ham bo’ladi, deydi Lavrov.

XS
SM
MD
LG