Kavkazda urushdan jabr ko'rgan insonlar ko'mak kutmoqda


Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi hisobiga ko’ra, Gruziyaning mojaroga botgan hududlarida o’n minglab odamlar yordamga muhtoj, jumladan Janubiy Osetiyada.

Vaziyat kundan-kunga og’irlashmoqda. Qizil Xoch boshqa davlatlarni faol bo’lishga chaqirmoqda.

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasiga ko’ra eng katta muammolardan biri bu urushdan azob chekkan odamlarga yetib bo’lmayapti.

Ular Gruziya va Rossiya qo’shinlari o’rtasida qolib ketgan. Hudud infratuzilmasi ishdan chiqqan.

Qo’mita so’zlovchisi Anna Nelsonning Amerika Ovoziga aytishicha, urush jabrdiydalaridan tashqari yana 60 ming odam yordamga muhtoj.

Gap suv va sanitariya ehtiyojlari haqida ketmoqda. Mojaro zonalaridan poytaxt Tbilisiga ko’plab odamlar boshpana istab ko’chgan.

Hukumat aeroport va boshqa ochiq joylarda palatkalar o’rnatmoqda. Ba’zilar davlat idoralariga qarashli binolarda turibdi. Ana shunday odamlarni ichimlik suvi va sanitariya vositalari bilan ta’minlash zarur, deydi Nelson.

Qizil Xoch Qo’mitasi mutaxassislari beqarorlik sabab o’z ishini bajara olmayapti. Nelsonga ko’ra, ular chorshanba kuni Goriga borgan, ammo odamlarni vahimaga solgan havo trevogasi tufayli u yerni tark etishga majbur bo’lgan.

Xodimlarimiz Gorida ikkita kasalxonada bo’ldi. Ulardan biri bo’sh edi. Odamlar evakuatsiya qilingan. Shahar vayron bo’lgan, deydi Anna Nelson.

Ma’lum bo’lishicha, Norvegiya Qizil Xoch Qo’mitasi Tbilisiga 20 o’rinli ko’chma kasalxona yubormoqda.

XS
SM
MD
LG