Rossiya u bilan hisoblashishlarini istaydi


Mojaroga diplomatik yechim izlanar ekan, tahlilchilar Kavkzadagi urushning uzoq muddatli oqibatlarini o'rganmoqda. Rossiya nazarida Gruziya Janubiy Osetiyadan barcha qo'shinlarini olib chiqmagan. Gruziya esa Rossiyani jangovar harakatlarni davom ettirayotganlikda va Gruziya hududini egallayotganlikda ayblaydi.

Tomonlar bir-birini, shuningdek, etnik tozalashlar va qirg'in, xunrezlik va hattoki genotsidda ayblamoqda.

Rossiya va Yevrosiyo masalalari bo'yicha londonlik tahlilchi Maykl Denison mojaroga barham beriladi deb umid qiladi.

Yevropa Ittifoqi hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti diplomatik harakatlarga bosh-qosh bo'lmoqda, biroq kecha Boltiq bo'yi davlatlari va Polsha rahbarlari sulh bitimining yangicha ko'rinishini taklif etgan. Unga birinchi sulhda qayd etilmagan band kiritilgan, ya'ni tomonlar Gruziya hududiy daxlsizligini hurmat qilishi kerak. Har ikkala hujjatda ham tinchlikni nazorat qilish xalqaro kuchlar zimmasiga yuklansin deyiladi. Shu paytgacha Gruziyaning bo'lginchi Abxaziya va Janubiy Osetiya respublikalarida rossiyalik kuchlar harakatlanar edi.

Tahlilchi Maykl Denison fikricha, xalqaro kuchlar tarkibi uzoq munozaraga sabab bo'lishi mumkin.

"Gruziya Yevropa Ittifoqi, BMT yoki Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti nazorati ostidagi tinchlikparvar kuchlar bo'lishini istaydi. Kreml esa ularning asosini Rossiya qo'shinlari tashkil etishi tarafdori."

Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri Aleksandr Stubbga ko'ra, yana bir muammo shundaki, tomonlar mojaro sabablari va uni kim birinchi bo'lib boshlagani to'g'risida hali uzoq bahslashadi.

Londonlik tahlilchi Maykl Denisonning aytishicha, Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili Janubiy Osetiyaga hujum qilib xato qilgan.

"Saakashvili Rossiya bunga aralashmaydi, Janubiy Osetiya 1-2 kun ichida Tbilisi nazoratiga o'tadi, Rossiya shoshib qoladi deb o'ylagan," deydi Maykl Denison.

Rossiya esa o'z navbatida zaif ko'rinishni istamay tinchlikparvar qo'shinlari va Rossiya fuqaroligini olgan janubiy osetiyaliklarni himoya qilishga otlandi.

Britaniya parlamenti deputati Bryus Jorj fikricha Gruziya Janubiy Osetiyaga birinchi bo'lib hujum qilgan bo'lsada, uni bu ishga hudduda provokatsion harakatlar olib borgan Rossiya majburlagan.

"Rossiyaning asl maqsadi aniq. Gruziya bilan urushni keltirib chiqarib, ularni tahqirlash, Rossiya siyosatiga bo'lgan noroziligi uchun jazolash, Tbilisidagi hukumatni ag'darishga harakat qilish va jahonga "zo'ravon qaytdi" degan mazmunda ishora qilish," deydi britaniyalik qonunchi.

Ko'pchilik nazarida Sovet Ittifoqi qulaganidan beri xalqaro siyosatning chekkasida qolib ketgan Rossiya Gruziyadagi harakatlari bilan sahnaga qaytganini va u bilan hisoblashish kerakligini bildirmoqda. Bu esa Ozarbayjon va Ukraina kabi mamlakatlarda tashvish bilan qabul qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG