Qochqinlar agentligi urush jabrdiydalari taqdiridan xavotirda


BMTning qochqinlar bo'yicha Oliy komissari Antonio Guterres kelasi hafta Gruziya va Rossiyaga safar qilib mojaro natijasida qochqinga aylangan odamlar ahvolini va ehtiyojlarini o'rganadi. Guterres mojaro boshlanganidan beri BMTning hududga borishni ko'zlayotgan ilk yuqori lavozimli rasmiysi.

Agentlik so'zlovchisi Ron Redmondning aytishicha, oliy komissar avval Gruziyaga safar qiladi. Uning seshanba kuni Tbilisida bo'lishi kutilmoqda.

"Hududda vaziyat o'zgaruvchan. Safar tafsilotlari Gruziya va Rossiya rasmiylari bilan ishlab chiqilmoqda," deydi Redmond.

Rasmiylar bilan uchrashuvlaridan tashqari Guterres insonparvarlik yordami bilan shug'ullanayotgan tashkilotlar vakillari bilan ham muloqot qiladi. Agentlikni tashvishga solayotgan asosiy mavzu bu tinch aholining va ayniqsa uylaridan ko'chishga majbur bo'lgan odamlar xavfsizligi.

Turli hisoblarga ko'ra, mojaro zonalarini 118 mingdan ziyod kishi tark etishga majbur bo'lgan. Ulardan 30 mingga yaqini janubiy osetiyaliklar. Ular Rossiyaga, Shimoliy Osetiyaga ko'chgan. Gruzinlarning asosiy qismi Janubiy Osetiyaga chegaradosh Gori shahridan qochgan.

Qochqinlar bo'yicha agentlik rasmiysiga ko'ra, ularga boshpana yo'q, davlat idoralari binolarida yashashmoqda, soni borgan-sari ko'paymoqda. Biroq shunga qaramay agentlik ular uchun palatkali lagerlar o'rnatmoqchi emas.

"Vaziyat yaxshilansa, gorilik qochqinlar o'z uylariga qaytishi mumkin bo'ladi. Biroq ba'zilarining uy-joylari vayron bo'lgan. Ana shundaylarga agentlik vaqtincha boshpana topib berishi, zarar ko'rgan uylarini ta'mirlashda yordam berishi mumkin. Agentlik respublikaga palatkalar, jumladan sovuq o'tkazmaydigan palatkalar yuborgan," deydi Redmond.

Agentlik Gruziyaga jami uchta samolyot yuborgan. Jumladan bugun Kopengagendan ichimlik suvi, choyshablar, oshxona priborlari va aloqa vositalari ortilgan 38 tonnaga yaqin yordam yuborilgan. Kelasi hafta esa Rossiyaning Vladikavkaz shahriga ham ikkita samolyot jo'natiladi.

XS
SM
MD
LG