AQSh Kavkazda diplomatik harakatini kuchaytirmoqda


AQSh prezidenti Jorj Bush Rossiyani Gruziya hududiy daxlsizligiga e'tiborli bo'lishga yana bir bor chaqirdi. Gruziya rasmiylariga ko'ra rus tanklari mamlakat ichkarisiga kirishda davom etmoqda.

Bush Markaziy Razvedka Boshqarmasi xodimlari bilan Gruziyadagi ahvolni muhokama qilgan. So'ng muxbirlar bilan uchrashib Rossiyani sulh shartlarini buzmaslikka chaqirgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov "Gruziya hududiy daxlsizligini unutsin" degan. Prezident Dmitriy Medvedev Moskvada Janubiy Osetiya va Abxaziya rahbarlari bilan uchrashib ularni to'liq qo'llab-quvvatlashini aytgan.

Oq uy so'zlovchisi Dana Perino Lavrov gapini quruq safsata degan.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays bugun Gruziyaga safaridan qaytib Bushga Kavkazdagi vaziyat bo'yicha hisobot beradi. Ertaga esa Davlat xavfsizlik kengashining Gruziyaga bag'ishlangan majlisi o'tkaziladi.

Rays Gruziyadan oldin Fransiyada bo'lib prezident Nikolya Sarkozi bilan uchrashgan.

"Rossiya prezidenti harbiy harakatlar to'xtatildi deb bizni ishontirgan. So'zidan qaytmadi deb umid qilamiz. Mojaro haddan ortiq begunoh odamlarni nobud qildi," dedi Rays.

Tbilisida Rays prezident Mixail Saakashvili bilan besh soat muloqot qilgan. Gruziya prezidenti sulh bitimini imzolagan.

Fransiya vositachi rolini bajarmoqda. BMT Xavfsizlik Kengashiga o'zi taklif etgan sulh bitimidagi oltita punktni o'z ichiga olgan rezolyutsiyani kiritmoqchi. Yevropa Ittifoqi esa hududga kuzatuvchilar yo'llashga qaror qilgan.

Bugun Rossiyaning Sochi shahrida Germaniya kansleri Angela Merkel prezident Medvedev bilan uchrashgan. Merkel ham Rossiyani Gruziya hududiy daxlsizligini inkor etmaslikka chaqirgan.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts esa Rossiyani ikki tomonlama aloqalar yomonlashishi mumkinligi to'g'risida ogohlantirmoqda.

XS
SM
MD
LG