Breaking News

Tahlilchilar: Gruzin va osetinlar siyosiy o'yinlar qurboni


Rossiya Janubiy Osetiyadagi harbiy harakatlarini urush emas, insonparvarlik va tinchlik missiyasi deya ta’riflashda davom etarkan, zamonaviy tarixni o’rgangan olimlar, “nahotki”? – deya ajablanmoqda.

Kreml Gruziyaning amaldagi rahbari Mixail Saakashvilini mintaqa xalqini qirib tashlashga uringanlikda ayblab, mamlakatdan ajralib chiqishga ahd qilgan Janubiy Osetiya va Abxaziya xavfsizligi va barqarorligi uchun har narsaga tayyor ekanini qayd etmoqda.

Vashington esa Saakashvili boshchiligidagi hukumat va Gruziya demokratiyasini himoya qilib chiqmoqda.

Amerika matbuotida bosilayotgan tanqidiy sharh va maqolalarda har ikki tomonda yangrayotgan so’z va chaqiriqlar quruq, eskirgan va siyqasi chiqqan bayonotlar deya baholanmoqda.

Agar Rossiya Gruziyaga bostirib kirib, "osetinlarning boshini silayapmiz deyishga jur'at etsa, unda sobiq SSSRning Afg'onistonda olib borgan uzoq, muvaffaqqiyatsiz va qonli urushi xalqaro majburiyat bo'lgan ekan-da", - deya tanqid qiladi siyosiy sharhlovchi Ariel Koen.

"Rossiya Kavkazda asosan besh maqsadni ko'zlamoqda",- deydi mintaqa bo'yicha tahlilchi Koen. "Birinchisi Gruziyani Janubiy Osetiyadan butunlay siqib chiqarish. Bunga erishib bo'ldi ham. Ikkinchidan, Saakashvilini yo'qotish. Uchinchidan, Gruziyadan o'tuvchi neft va gaz quvurlarini o'z qo'liga olish va shu tariqa Qozog'iston neft buloqlaridan Qora dengiz bo'yidagi portlargacha bo'lgan ta'minot tizimiga xo'jayinlik qilish",- deya tushuntiradi siyosatshunos.

"Eng asosiysi", - deydi Ariel Koen, "Ukrainaga NATOga kirish sizning boshingizga ham shu kunlarni olib keladi deb uqtirib qo'yish. Bunga Vladimir Putin shu yilning bahorida NATOning Buxarestdagi sammitida ishora qilgan".

G'arb ziyolilari nazarida Rossiya sobiq Sovet ittifoqi hududini asta-sekin o'ziga bo'ysundirishga harakat qilmoqda – ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan. "Ruslar butun nazoratni yana qo'lga olmoqchi",- deydi Ariel Koen.

"Nafaqat qaytarish, balki buning uchun Rossiya kuch ishlatishga ham tayyor",- deydi tahlilchi. Uning fikricha, tarixan Rossiya o'zini tiklab olgan har qanday davrda qo'shnilarga zarba berib kelgan. Ariel Koen va boshqa qator tahlilchilar Rossiya Janubiy Osetiyani hali-beri tark etmaydi degan fikrda. G'arb nima qila oladi?

Ariel Koen uch, uncha kuchli bo'lmagan, vosita haqida gapiradi: birinchisi, Rossiyaning Jahon Savdo Tashkilotiga a'zolik yo'lini to'sish; ikkinchisi, uni Katta Sakkizlikdan, ya'ni dunyoning eng rivojlangan davlatlari kengashidan chiqarish va uchinchisi, xalqaro hamjamiyat 2014 yilgi Qishki Olimpiya O'yinlarini Sochida o'tkazish qaroridan qaytishi mumkin.

Yana bir siyosiy tahlilchi Zeyno Baran nazarida Rossiya Gruziyaga tajovuz qilishni anchadan beri mo'ljallayotgan edi va bu bilan Kavkaz va Markaziy Osiyodagi tabiiy zaxiralarga boy davlatlarga ham G'arbga ergashish yaxshi oqibatlarga olib bormasligini namoyon etmoqda. Mintaqadagi hukumatlar vaziyatni ko'rib, asabiylashayotgani tabiiy deydi turkiyalik olima.

Qozog'iston Rossiyaning tutgan yo'lini quvvatlasa, Qirg'iziston mojaro diplomatiya orqali hal etilsin degan fikrda. O'zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston aniq munosabat bildirmagan.

Gruziyalik jurnalist Giya Abashidze "Amerika Ovozi" ga u yerdan vaziyatni tasvirlar ekan, "kim nima deyayotgani muhim emas, xalqim ko'makka muhtoj", - deydi. "Urush hech kimning boshiga tushmasin. Mamlakatim siyosiy o'yinlar qurboni. Bizni urushga o'zi sababchi bo'ldi deb ayblayotganlar bu yerdagi xunrezliklarni ko'ribgina kim zo'ravon, kim jabrdiyda ekaniga guvoh bo'ladi",- deydi.

Tbilisidan intervyu bergan Giya Abashidzening aytishicha gruzin xalqi bugun Saakashvilini bir ovozdan quvvatlab, davlatchilikni saqlab qolish, siyosiy va milliy birdamlik qanchalik muhim ekanini tushungan. G'arb o'z tinchlikparvar kuchlarini kiritmasa, Rossiya bizning sarhadni tark etmaydi deydi Abashidze.

Rossiya esa Mixail Saakashvili layoqatsiz rahbar, u hokimiyatda qolsa, mintaqa alanga ostida qolaveradi deya bong urmoqda. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Saakashvili bilan muzokara qilishdan foyda yo'q deydi.

Lavrovning bu bayonotlariga AQSh va Yevropa - Saakashvili xalq ishonchi bilan saylangan prezident, bu demokratik tuzum - deya javob bermoqda.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Deyvid Miliband AQSh va Fransiya tomonida ekanini ta'kidlab, Rossiyaga "Sovet Ittifoqi o'tmishda qoldi. Sobiq Sovet hududi bo'linib ketgan. Rossiya o'z chegarasini bilib olsin",- deydi. Miliband nazarida Kremlning hatti-harakati Sovuq Urush davridagi siyosatidan ham o'tib tushgan. "Rossiya hamon o'sha eski mentalitetda ish ko'rmoqda, ya'ni agressiya - mojaro yechimi",- deydi Britaniya Tashqi ishlar vaziri.

Angliyaning "Tayms" (The Times) gazetasi sharhlovchisi Maykl Binyon esa Rossiya G'arb bilan shaxmat o'yini o'ynamoqda va hozricha yutmoqda deydi. Uning tahlil qilishicha, G'arb SSSR qulaganidan beri Rossiya bilan hisoblashmay qo'ygan edi. Putin oxirgi yillarda G'arbning ko'p qarorlariga chidadi: Kosovo mustaqilligi, Iroq va Afg'onistondagi urushlar, NATOning kengayishi, Polsha va Chexiyada o'rnatilishi kutilayotgan mudofaa tizimlari.

Putinning "qopqoniga Gruziya ilindi",- deydi Binyon. Kremlga bu urushni oqlash qiyin emas, chunki G'arbga "oldin o'zingga boq" deyish mumkin.

"Mojarodan hamma saboq olsin", - deydi Maykl Binyon. "Sobiq SSSR hududidagi davlatlar: qayerda joylashganingizni unutmang. NATO: Kavkaz mashmashalari sizga kerakmi? Gruziya: Boshingizga bu kunni keltirgan prezident sizga ma'qulmi? AQSh: Rossiya bilan maslahatlashib ish ko'rishni unutmang".

Amerika matbuotida ham shu mazmunda qator maqolalar chiqqan.

Urush boshlanganidan bir hafta o'tib, G'arb ziyolilari vaziyatni turli tomonlardan turib, tahlil qila boshlagan.

AQShning iste'fodagi sobiq diplomatlaridan Pol Saunders, Bush ma'muriyatiga quyidagicha maslahat beradi: "Saakashvili qaltis xatolar qilganiga qaramay uning hokimiyatdan olinishiga yo'l qo'ymang. Gruziyaga esa Qo'shma Shtatlarga yengiltak va mulohazasiz hamkorlar kerak emas deb uqtiring".

XS
SM
MD
LG