Breaking News

Kreml: Gruziyani tark etish muhlati belgilanmagan


Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov so’zlariga ko’ra, Gruziya bilan imzolangan sulhga qaramasdan, Rossiya qo’shini Gruziyani tark etmaydi.

“Mintaqadagi xavfsizlik vaziyatiga qarab ish tutamiz”, - deydi Lavrov.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Gruziya bilan sulh bitimiga imzo chekkan. Unga muvofiq, Rossiya harbiylari mojarodan avvalgi pozitsiyasilariga qaytishi lozim.

Bu orada rasmiy Tbilisi Rossiyani poytaxt yaqinidagi muhim temir yo’lni bombardimon qilganlikda ayblamoqda. Rossiya generali Anatoliy Nogovitsin ayblovni rad etgan.

AQSh prezidenti Jorj Bush bugun xavfsizlik bo’yicha maslahatchilari, jumladan Gruziyadan qaytgan Davlat kotibasi Kondoliza Rays bilan vaziyatni muhokama qilyapti.

“Rossiya AQSh, Yevropa va boshqa davlatlar bilan munosabatlari tamoman izdan chiqmasligini istasa zudlik bilan mojaroga chek qo’ysin” - deydi prezident Bush.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays bu Sovuq Urush tugaganidan beri Rossiya tomonidan amalga oshirilgan ilk bosqinchilik deydi.

“Sovet qo’shini Chexoslovakiyani bosib olgan 1968-yillar o’tib ketdi. Rossiya Gruziyani tark etishi kerak. Janubiy Osetiya va Abxaziyada joylashgan Rossiya tinchlikparvar kuchlariga ishonch qolmadi”, - deydi Kondoliza Rays.

Uningcha Gruziyaga tez orada xalqaro kuzatuvchilarni yo’llash va keyinchalik malakali va betaraf kuchlarni safarbar etish zarur. Biroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ta’kidlashicha Gruziya endi hududiy yaxlitligi haqida unutsa ham bo’ladi.

Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili “bosimga chidaymiz, hech qachon taslim bo’lmaymiz, Rossiyaga bir qarich yerimizni ham bermaymiz” - deydi.

Gruziyadan ajralishga urinayotgan Janubiy Osetiya va Abxaziya aholisining katta qismi Rossiya pasportiga ega. Kreml ularni himoya qilamiz deya, Janubiy Osetiyadagi harbiy harakatlarini urush emas, insonparvarlik va tinchlik missiyasi deya ta’riflashda davom etmoqda.

Qator tahlilchilar Rossiya Janubiy Osetiyani hali-beri tark etmaydi degan fikrda. Sochida Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashgan prezident Dmitriy Medvedev osetinlar gruzinlar bilan birga yashay olmaydi degan.

“Abxaziya va Janubiy Osetiya”, deydi Rossiya prezidenti, “o’z kelajagini o’zi hal qiladi”.

Angela Merkel Rossiya Janubiy Osetiyada keragidan ortiq kuch ishlatgan, bu mamlakat qo’shinining mintaqada qolishi ziddiyatlarni yanada kuchaytiradi demoqda.

Qo’shma Shtatlar Gruziyaga insonparvarlik yordamini oshirishni mo’ljallayapti. Hozirgacha palatkalar, oziq-ovqat va 5 tonna dori-darmon yetkazilgan. Gruziya hisoblariga ko’ra mojaro sabab hududni 118 ming kishi tark etgan.

Gruziya Rossiya harakatlari ustidan Xalqaro Gaaga sudiga arz qilgan. Rossiya ham xuddi shunday shikoyat bilan sudga murojaat qilmoqchi.

XS
SM
MD
LG