AQSh: Janubiy Osetiya va Abxaziya Gruziya tarkibida qoladi


Kavkazdagi mojaroga vositachilik qilayotgan Fransiyaning bildirishicha, Rossiya qo'shini 18 avgust kuni Gruziyani tark eta boshlaydi. Bu haqda Rossiya va Fransiya prezidentlari o'rtasida kechgan telefon suhbatida kelishib olingan.

Rossiya tanklari Tbilisidan 50 kilometr uzoqlikdagi Igeoti shahridan chiqayotgani haqida xabarlar bor. Moskva va Tbilisi imzolagan sulh bitimiga ko'ra tomonlar avvalgi pozitsiyalariga qaytishi shart.

G'arb davlatlari Rossiyaga bosimni oshirmoqda. AQSh va Fransiya Kremlni sulh bitimiga amal qilmayotganlikda ayblagan. AQSh rahbari Jorj Bush nazarida ziddiyatlarga olib kelgan ikki bo'lginchi hudud – Janubiy Osetiya va Abxaziya Gruziya tarkibida qolishi kerak.

"Janubiy Osetiya va Abxaziya Gruziyaning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan sarhadlariga kiradi. Rossiyaning bu hududlarni Gruziyadan ajratish harakatlari o'rinsiz", - deydi AQSh prezidenti.

Har ikki mintaqa Sovet Ittifoqi qulagach, Gruziyadan ajralib chiqish uchun qattiq kurash boshlagan. O'zini mustaqil deb e'lon qilgan, ammo xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan. Ko'pchilik bu yerda Rossiya pasportiga ega. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Gruziya Janubiy Osetiya va Abxaziya haqida unutsin deya ta'kidlagan edi.

Prezident Bush Gruziya chegaralari boshqa davlatlar kabi hurmat va himoyaga loyiq demoqda. Uning aytishicha Rossiyaning sulh bitimini imzolagani ijobiy qadam, endigi vazifa – unda bitilgan shartlarni bajarishdir.

Biroq hozircha Rossiyaning rejalari haqida aniq ma'lumot yo'q. Vazir Sergey Lavrov ta'biricha qo'shinni chiqarish uchun muhlat belgilanmagan. Rossiya harbiylariga ko'ra esa tayyorgarlik boshlangan.

AQSh diplomatlarining aytishicha, sulh bitimi doirasida Rossiya tinchlikparvar kuchlari Yevropadan kuzatuvchilar yetib kelgunga qadar Gruziyaning ba'zi hududlarida qolishi mumkin. Mamlakatning g'arb-u sharqini bog'lovchi asosiy yo'llar ochiq turishi belgilangan.

Tbilisida Germaniya kansleri Angela Merkelni qabul qilar ekan, Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili bir qarich yerimizni ham Rossiyaga bermaymiz deya takrorladi.

BMT qoshidagi bolalar jamg'armasi – UNICEF urush tufayli uy-joyini tark etgan aholi, xususan bolalar taqdiriga e'tiborni qaratmoqda. Gap 120 ming kishi haqida ketmoqda.

UNICEF vakili Gordon Aleksandr "qochqinlar asosan ayollar va bolalar" deydi. Agentlik kelasi oydan boshlab maktablarni qayta ishga tushirmoqchi. Maktab binolari hozirda qochqinlar uchun boshpana vazifasini o'tamoqda.

Kavkazdagi mojaro Vashington-Moskva munosabatlariga ziyon yetkazishi tayin. Ammo Gruziya rahbarining chaqiriqlariga qaramasdan, Qo'shma Shtatlar bu mamlakatga qo'shin safarbar etmoqchi emas.

Gruziyalik jurnalist Giya Abashidze "Amerika Ovozi"ga vaziyatni tasvirlar ekan, Rossiya tanklari shaharlarni behuda aylanib, Gruziya qurolli kuchlari va politsiyasini provokatsiyaga undamoqda - aholi orasida shunday fikr mavjud deydi. Gruziyaning Gori shahri hamon Rossiya nazorati ostida va shaharga gumanitar yordam kiritila boshlangan.

AQSh prezidentligiga respublikachi nomzod Jon Makkeyn Rossiyani xalqaro qonunlarni buzganlikda, Kavkazning mitti mamlakatini bosib olib XXI asrga to'g'ri kelmaydigan hatti-harakatda tanqid qilmoqda.

"Rossiya harbiylari Gruziya hududlarini darhol tark etishi lozim. XXI asrda mamlakatlar bir-birini bosib olmaydi", - deydi Makkeyn.

Senator nazarida AQSh yechimini kutayotgan ko'pgina masalalarda Rossiya yordamiga muhtoj ekani sir emas. Biroq o'zaro munosabatlarni qayta ko'rib chiqish kerak.

Rossiyaning Gruziyaga shiddatli hujumi, deydi tahlilchilar, uning G'arbga bo'lgan ranj-alamining aks-sadosidir. NATO va Yevropa Ittifoqining sharq tomon kengayishi, AQShning Yevropada mudofaa tizimi o'rnatish rejasi hamda G'arbning Kosovo mustaqilligini qo'llab-quvvatlagani Kremlni g'azabga keltirgan.

Britaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Malkolm Rifkind Gruziya NATO tashkilotiga qabul qilinganda edi, bu mojaro kelib chiqmasdi degan fikrlarga qo'shilmaydi.

"AQSh, Britaniya, Fransiya va Germaniya Gruziyaga qanchalik hamdard bo'lmasin, Rossiya bilan urushgacha bormaydi. Chunki kelishmovchiliklarni do'q-po'pisa va harbiy qudrat bilan hal qilib bo'lmaydi", - deydi Rifkind.

Kavkazdagi mojaro shuni ko'rsatmoqda-ki, Rossiya o'z maqsadlariga erishish uchun harbiy kuchdan foydalanishga tayyor. Yevropaning qator davlatlari Rossiya yonilg'isiga tobe ekan, "nima qilish kerak" degan savolga oson javob yo'q.

Britaniyalik tahlilchi Maykl Denison G'arbning Rossiyaga bosim vositalari cheklangan deydi.

"AQSh va Britaniya Kremlni ochiq tanqid qilmoqda, lekin boshqa ko'pgina davlatlar, jumladan Germaniya, Italiya va Fransiya kabi yonilg'i xaridorlari ehtiyotkorona ish tutyapti", - deydi Denison.

Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi munosabatini ham xuddi shunday ta'riflash mumkin. Qozog'iston Rossiyaning tutgan yo'lini quvvatlasa, Qirg'iziston va Turkmanistan mojaro diplomatiya orqali hal etilsin degan fikrda. O'zbekiston va Tojikiston aniq munosabat bildirmagan.

Bu iqtisodiy pragmatizm, Rossiyadan xavfsirash yoki voqealar qay tomonga burilishini kutish bilan izohlanmoqda. Tahlilchi Dmitriy Sayms MDH davlatlari u yoki bu tomonni quvvatlagani bilan hech narsa yutmaydi deydi.

"Gruziya Ozarbayjondan tashqari boshqa hamdo'stlik a'zolari bilan yaqin aloqada emas. Prezident Mixail Saakashvilining demokratiya oyoq osti bo'layapti deb kuyinib gapirishi O'zbekiston va Qozog'iston kabi avtoritar davlatlarda hech narsani anglatmaydi", - deydi Dmitriy Sayms.

AQSning Wall Street Journal gazetasi sharhlovchisi Daniel Xeninger Rossiya o'z harakatlari bilan vahshiyona qoidalar va siyosiy shantaj hukmron, qolaversa beshafqat bir yangi dunyoni shakllantirmoqda deydi.

Uning tahlil qilishicha, Gruziyaning G'arbda ta'lim olgan yosh rahbarlari mamlakat siyosiy, iqtisodiy va moliyaviy tizimini isloh qilib, mayda qadamlar bilan G'arb andozalari tomon intilmoqda.

Biroq Kreml nigohida Gruziyaning Saakashvili rahbarligidagi hukumati "farishta" emas. "Saakashvili Janubiy Osetiya aholisini qirib tashlashni buyurgan va mintaqa huquqlarini tinimsiz buzib kelmoqda", - deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

"Saakashvili g'irt provakator. Xalq manfaatini ko'zlaganida Gruziya armiyasiga qonli hujumlar boshlashni buyurmagan bo'lar edi. Biz aralashishga, mintaqada yashayotgan fuqarolarimizni himoya qilishga majbur bo'ldik. Saakashvili prezident ekan, mintaqaga tinchlik kelmaydi", - deydi Lavrov.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev ham Saakashvili prezidentlikdan ketishi kerak degan talabni takrorlamoqda. Uningcha G'arb ko'zbo'yamachilikni bas qilib, Saakashvilini yosh demokrat rahbar deb "erkalatmay", real yechimlar haqida o'ylashi lozim.

AQSh hozircha Kremlning bu talablarini agressiya bilan bog'lashda davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG