Breaking News

Pokistonda Parvez Musharraf prezidentlikdan bo'shagan


Pokistonda prezident Parvez Musharraf, demokratiya dushmani degan ayblovlar ostida, o’z xohishi bilan ishdan ketishga qaror qilgan.

“Aybsizman, biroq ortiqcha tortishuv va beqarorlik Pokiston xalqiga ziyon qilishi mumkin,” - dedi Musharraf.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays terrorizmga qarshi kurash yo’lida Pokiston bilan hamkorlik davom etadi demoqda.

Bugun televideniye orqali xalqqa murojaat qilgan Parvez Musharraf iste’fosini e’lon qilgan. Birmuncha hayajonlanib gapirar ekan, prezident 9 yillik faoliyati va yuritgan siyosatini maqtadi.

65 yoshli Musharraf unga qo’yilayotgan ayblovlarni asossiz deya rad etsa-da, har qanday qarshilik parokandalikka olib kelishi mumkin deydi.

Parvez Musharraf 1943 yilda Hindistonning Dehli shahrida dunyoga kelgan. Mamlakat Britaniyadan mustaqil bo’lgach, 1947 yilda oilasi Pokistonga ko’chadi.

Bosh vazir Navoz Sharif davrida Musharraf armiya generali lavozimida ishlagan. 1999 yilda Navoz Sharifni hokimiyatdan ag’darishga boshchilik qilgan va shu tariqa rahbarlikka kelgan. Musharraf davrida harbiy va siyosiy boshqaruv markazlashdi. Uning asosiy xatosi, deydi tahlilchilar, mamlakat demokratiyasini yemirgani.

O’tgan yili Pokistonda xalq va qonunchilar bosh ko’targach, prezident favqulodda holat e’lon qildi, sudyalarni ishdan bo’shatdi. Biroq to’polon tinchish o’rniga kuchaydi, xalqaro hamjamiyat Musharrafdan ochiq va erkin siyosat yuritishni talab qila boshladi.

2007 yilda Pokistondagi parlament saylovlarida uning partiyasi mag’lubiyatga uchradi.

Pokiston Xalq Partiyasi a’zosi, senator Rizo Rabboniy Musharrafning ketishini demokratiya g’alabasi deya ta’riflaydi.

Pokiston siyosiy tarixida birinchi bor xalq irodasi va xohishi hokimiyatdan ustun keldi deydi u.

Hozirda mamlakat iqtisodiyoti tang ahvolda, oziq-ovqat qimmat, elektr ta’minoti izdan chiqqan, qimmatbaho qog’ozlar bozori kasodga uchrash yoqasida, milliy valyuta – rupiya qadrsizlanmoqda. Muxolifat nazarida bularning barchasida prezident Musharrafning noqobil siyosati aybdor.

Navoz Sharif boshchiligidagi Musulmonlar Ligasi matbuot kotibi Ehson Iqbol fikricha Musharraf ketgach, vaziyat yaxshilanadi. “Yangilik sabab qimmatbaho qog’ozlar bozorida ijobiy siljish kuzatilgan. Valyuta qadri ham ko’tarilmoqda. Sudyalar lavozimida tiklansa, ahvol bundanda yaxshilanadi”, -deydi Ehson Iqbol.

Prezident Parvez Musharraf matbuot va fuqaro erkinligini cheklaganlikda ham ayblanadi. Ayrimlar nazarida prezidentni jinoiy javobgarlikka tortish zarur. Biroq Musharraf ishdan bo’shagach, har qanday javobgarlikdan ozod qilinishi yohud boshqa davlatdan panoh topishi mumkin.

Musharraf “tadqirimni Pokiston xalqi hal qilsin” deydi.

AQSh Musharrafni terrorizmga qarshi kurashda yaqin hamkor deb biladi. Biroq Vashington Pokistonning ichki masalalariga aralashmay, o’zgarishlarni kuzatishga qaror qilgan. “Pokiston demokratik mamlakat va oxir-oqibat xalq xohishi ustun kelishini kutamiz”,- deydi Amerika diplomatlari.

XS
SM
MD
LG