So'zlar urushi: AQSh "ko'zbo'yamachi"; Rossiya "buzg'unchi"


AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha Rossiya yirik xalqaro tashkilot va muassasalarga a’zolik hamda mas’uliyatli davlatlar safidan o’rin olish imkoniyatini boy berdi. Gruziyadek kichik davlatga aggressiya o’tkazib, jahon sahnasida o’z obro’sini to’kdi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha Vashington Rossiyani qanday jazolash haqida o’ylanmoqda. AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays nazarida Rossiya Mixail Saakashvili hukumatini barbob qilmoqchi bo’ldi, ammo oxir-oqibat o’zining obro’sini poymol qildi.

Kreml bu kabi tanqidlarga qo'l siltamoqda. AQSh vaziyatga ob’yektiv yondashmayapti va ko’zbo’yamachilik qilishda davom etmoqda deydi Rossiya rasmiylari.

Bush ma’muriyatining boshqa davlatlarni baholashga haqqi yo’q, chunki o’tgan yillarda uning o’zi agressiv siyosatga berilgan va boshqa mamlakatlarni turli bahonalar bilan bosib olgan deydi Rossiya diplomatlari.

Tahlilchilarga ko'ra AQSh-Rossiya aloqalari bir necha yildan beri yomonlashib kelayotgan edi. O'rtada munozarali masalalar ko'p. Rossiyaning o'z qudrati tiklanganini ko'rsatish harakatlari, Polsha va Chexiyada mudofaa tizimi o'rnatilishiga nisbatan qarshilik hamda NATOning Gruziya va Ukraina hisobiga kengayishi yuzasidan bahslar shular jumlasidan.

Garvard Universiteti olimi Marshal Goldman nazarida Vashington-Moskva aloqalari Kavkazdagi mojaro sabab Sovuq urush davridan beri eng salbiy nuqtaga yetgan.

"Rossiya ko'pchilik ko'zida kuchga to'lgan qonxo'r, tajovuzkor va zolim davlat sifatida gavdalanmoqda", - deydi tahlilchi.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Rossiya tutgan yo'li uchun xalqaro sahnada jazosini tortadi demoqda. Uning aytishicha, siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlikni ta'minlovchi tashkilotlarga qo'shilishga intilayotgan, zamonaviy, rivojlangan, yangi Rossiya haqidagi tasavvurlar chilparchin bo'ldi.

"AQSh o'ylab, mulohaza bilan ish tutadi",- deydi Konzoliza Rays. Biroq AQSh Rossiyani Katta Sakkizlikdan, dunyoning eng rivojlangan davlatlari kengashidan chiqarishni taklif qilishi va uning Jahon Savdo Tashkilotiga a'zolik yo'lini to'sishi mumkin.

Tahlilchi Bob Legvold izohicha G'arb davlatlari va Rossiya qator sohalarda, jumladan yadro qurollari ustidan nazorat, global harorat o'zgarishi hamda terrorizmga qarshi kurashda birga ishlashga urinib keldi.

"Bunday strategik hamkorlikni davom ettirish murakkablashishi tayin, chunki AQSh va Yevropa Rossiyaga xavfli raqib, kerak bo'lsa dushman sifatida qaray boshladi", - deya qo'shadi Legvold.

Rossiyaning hozircha G'arb bosimiga berilayotgani sezilmayapti. Aksincha, Rossiya harbiylari 16 avgust kuni Gruziyaning Xashuri va Axalgori shaharlariga kirib borgan.

Mamlakatni qo'shnilari bilan bog'lovchi asosiy temiryo'l portlatilgan. Rossiya, shuningdek, AQShdan mudofaa tizimini qabul qilishga rozilik bergan Polshani ham ogohlantirmoqda.

Rossiya qurolli kuchlar shtabi rahbarining o'rinbosari Anatoliy Nogovitsinning ta'kidlashicha, Polsha AQSh bilan harbiy bitim imzolab o'zini Rossiya nishoniga aylantirdi.

Amerika rasmiylarining ishontirishicha, tizim Eron kabi davlatlardan himoyalanish uchun zarur. Ammo Rossiya tizimni o'z xavfsizligiga tahdid deb biladi.

Tahlilchilar nazarida dunyo tinchligi va barqarorligi Vashington-Moskva hamkorligini taqazo etadi.

Hozirgi vazifa – sulhni amalda joriy etib, Rossiya qo'shinini Gruziyadan chiqarish. Shundagina Gruziyaning bo'lginchi hududlari maqomi yuzasidan jiddiy muzokaraga yo'l ochiladi.

XS
SM
MD
LG