Pokistonda prezidentlikka endi kim keladi?


Pokistonda hukmron koalitsiya Parvez Musharraf iste’fosidan so’ng kimni prezident etib saylash usida o’ylanmoqda.

Konstitutsiyaga ko’ra, parlament va mahalliy kengashlar bir oy ichida yangi rahbarni saylashi zarur. Hozircha bu vazifani senat raisi Muhammad Miyan Sumro bajaradi.

Koalitsiya Musharrafni jazolamaslika qaror qilgan ko’rinadi.

Koalitsion hukumat o’tgan yili ishdan bo’shatilgan sudyalarni tiklash masalasini ham muhokama qilmoqda.

Sobiq bosh vazir Navoz Sharif yetakchiligidagi Musulmonlar Ligasi sudyalar shu hafta ishga qaytsin demoqda.

Ayrim manbalarga ko’ra, Parvez Musharraf va koalitsion hukumat kelishib olgan, prezident o’z xohishi bilan ketsa, jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Hozircha Navoz Sharif Parvez Musharrafni jazolash niyati yo’qligini aytmoqda.

9 yil davlatni boshqargan Musharrafning ketishi Pokistonda boshi berk ko’chaga kirib qolgan demokratiya uchun umid deydi ba’zi siyosatchilar.

Lekin iqtisodiyoti zaif, inflyatsiya darajasi 25 foizdan oshgan, sarmoya kam kiradigan bu davlatda kuchli fuqarolik jamiyati qaror topishi uchun hali ancha bor.

Pokiston tarixiga qarasak, deydi pokistonlik journalist Ahmad Rashid, aksariyat harbiy rahbarlar ommaviy qozg’olonlar natijasida hokimiyatdan chetlashtirilgan. Lekin ularning o’rniga kelgan siyosiy arboblar demokratiya va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlab bera olmagan va oxir-oqibat korrupsiyaga botib, ishdan ketgan.

Amaldagi koalitsiyada vaziyat qanday? Osif Ali Zardariy boshchiligidagi Xalq Partiyasi va Navoz Sharifning Musulmonlar Ligasi azaldan tortishib, bir-biriga raqib bo’lib kelgan.

1999 yilda harbiylar tomonidan ag’darilgan Navoz Sharifning Pokiston armiyasidan alami bor. Sharhlovchi Ahmad Rashidning aytishicha, Sharif Tolibonga qarshi kurashda harbiylar bilan til topisha olmasligi mumkin.

AQSh o’zgarishlarni demokratik deya baholab, koalitsiya bilan ishlashga tayyor ekanini bildirmoqda. Pokiston terrorga qarshi kurashni kuchaytirishi kerak deydi Vashington rasmiylari.

XS
SM
MD
LG