Breaking News

Rossiya Gruziyadan chiqishga undayotgan hujjatga veto qo'yadi


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev 22 avgustgacha Gruziya hududini tark etamiz deya ishontirar ekan, G'arb davlatlari toqati toq bo'lganini yashirmayapti.

Guvohlarning aytishicha, Rossiyaning harbiy yuk mashinalari sekin-asta orqaga qaytmoqda, biroq aksariyati bo'sh. Tanklarning asosiy qismi joyidan jilgani yo'q va hatto Gruziyaning boshqa shaharlariga kirib bormoqda.

BMT Xafvsizlik Kengashida Fransiya jarayonni tezlashtirishga undovchi rezolyutsiya bilan chiqqan, biroq Rossiya unga veto qo'yishini bildirmoqda.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin fikricha bunday rezolyutsiyaga hojat yo'q.

"Rossiya-Gruziya o'rtasida erishilgan sulhning o'zi kifoya. Rossiya Federatsiyasi rezolyutsiya loyihasini quvvatlay olmaydi, chunki loyiha matni tinchlikni tiklashga qaratilgan 6 shartni o'z ichiga olmagan", - deydi Vitaliy Churkin.

Rossiya, ma'lumki, Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zosi sifatida veto qo'yish vakolatiga ega.

Vitaliy Churkin tilga olgan shartlar bu – janglarni va zo'ravonlikni to'xtatish; urush zonasiga gumanitar yordam kiritish; Gruziya va Rossiya harbiylarini avvalgi pozitsiyalariga qaytarish hamda Janubiy Osetiya va Abxaziya maqomi bo'yicha xalqaro muzokaralar boshlash.

G'arb diplomatlari nazarida, Rossiya prezidentining va'dasiga qaramasdan, mamlakat harbiylarining Gruziyani tark etayotgani sezilmayapti.

"Rossiya qo'shinining Gruziyada ortiq qolishiga hech qanday hojat yo'q, jarayon ataylab cho'zilyapti", - deydi AQSh elchisi Alexandro Vulf.

NATO tashkiloti Rossiya bilan aloqalarni vaqtincha to'xtatishga qaror qilgan. Qo'shma harbiy mashqlar bekor qilingan. Kreml nazarida NATO vaziyatga noxolis yondashib, Gruziyadagi jinoiy rejimga yon bosayapti.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Miliband Kremlni xalqaro qonunlarni poymol etayotganlikda ayblagan.

"O'tayotgan har bir kun Rossiyani va'daboz, o'z so'zida tura olmaydigan, xalqaro qonunlarga xilof ish tutayotgan mamlakat qilib ko'rsatmoqda. Bu Rossiyaning yakkalanib qolishiga xizmat qiladi, xolos", - deydi Miliband.

Ammo Tbilisi ko'chalarida oddiy aholi orasida "bunday bayonotlar nimani ham o'zgartira olardi", deya so'rayotganlar bor. Rossiyani jazolashning eng yaxshi yo'li Gruziyani NATOga olish, hech bo'lmaganda a'zolik muddatini belgilash, deydi ular. Boshqalar nazarida esa xunrezlikda Rossiya xalqi emas, uning hukumati aybdor.
XS
SM
MD
LG