Breaking News

Polsha AQSh mudofaa tizimini qabul qilishga tayyor


Qo’shma Shtatlar Polshada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi o’rnatishga kirishadi. Uzoq va mashaqqatli muzokaradan so’ng, bugun Varshavada bu borada kelishuv imzolangan.

Tizim faqatgina mudofaani ko’zlaydi va hech bir mamlakatga qarshi qaratilmagan deydi rasmiylar, biroq Rossiya bunga ishonmaydi.

AQSh Polshada 2013 yilga borib, raketani urib tushirishga qodir 10 sistema, Chexiyada esa radar tizimi o’rnatadi. “Bu Yevropadagi ittifoqchilarni Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlardan himoya qiladi”, - deydi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays.

“Bitim avvalo AQSh-Polsha o’rtasida yaqin harbiy hamkorlikning ifodasidir. NATO a’zolari bir-birini himoya qiladi”, - deydi Kondoliza Rays.

Varshavada o’tgan marosimda, AQSh vazirasi mudofaa tizimi hech kimga xavf solmaydi deya takrorlagan. Polsha prezidenti Lex Kachinskiy kelishuvlardan mamnun va buni AQSh-Polsha hamkorligi namunasi demoqda.

Kremlning bildirishicha esa Polsha bitimga rozilik berib, o’zini Rossiya nishoniga aylantirmoqda.

Kelishuv Kavkazdagi mojaro sabab G’arb va Rossiya o’rtasida so’zlar urushi avj olgan bir paytda imzolangan. Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziyadagi fuqarolarini himoya qilayotganini ta’kidlasa, ko’pchilik mojaro ortida kengroq siyosiy maqsadlar yotibdi deydi. Jumladan Gruziyaga va boshqa sobiq Sovet davlatlariga mintaqada kim hukmron ekanini ko’rsatib qo’yish, G’arb tashkilotlariga qo’shilmang deya uqtirish.

Bush ma’muriyati esa bu Rossiyaning ishi emas, mustaqil davlatlar o’z yo’lini o’zi belgilaydi demoqda.

XS
SM
MD
LG