Rossiyaga oltin, Gruziyaga kumush, AQShga esa bronza?


Rossiya harbiy yuk mashinalari sekin-asta Gruziyani tark etar ekan, G'arb dunyosi Kremldan jarayonni tezlashtirishni so'ramoqda. Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev operatsiya bugun yakunlanadi degan.

Uning aytishicha Gruziya hududida faqat 500 zobit qolishi kerak. Bu orada, Rossiya parlamentida Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olish masalasi ko'tarilmoqda. Bush ma'muriyati nazarida har ikki mintaqa Gruziya tarkibida qolishi kerak.

Prezident Bush ta'biricha, Rossiya Gruziyani istilo qilib, uning demokratiyasini oyoq osti qilishga urindi.

"AQSh Gruziya rahbariyati va bu mamlakatdagi ijobiy o'zgarishlarni qo'llab-quvvatlaydi. Uning butun xalqiga, jumladan osetin va abxazlarga ham insonparvarlik yordami beradi. Rossiya", - deydi Bush, "Abxaziya va Janubiy Osetiyani Gruziyadan ajratish harakatlarini bas qilishi lozim".

Biroq Rossiya parlamentining yuqori palatasi – Federatsiya Kengashi – kelayotgan dushanba kuni favqulodda majlis o'tkazib, Gruziyadan ajralishga urinayotgan ikki mintaqa mustaqilligini tan olish-olmaslikni muhokama qilmoqchi. Abxaz va osetinlar o'z taqdirini o'zi hal qilishi kerak deydi prezident Dmitriy Medvedev.

Ayni paytda AQSh va Yevropaning kuchli noroziligiga sabab bo'layotgan masala – Rossiyaning Gruziyani tark etishga shoshmayotgani, kerak bo'lsa vaqtni boy bermasdan Gruziya infratuzilmasini, jumladan harbiy bazalari va portlarini barbod qilayotganidir.

Rossiya qurolli kuchlar shtabi rahbarining o'rinbosari Anatoliy Nogovitsyn dastavval Gruziyaning o'zi va'dalarini bajarsin deydi. Uning aytishicha Gruziya tilka-pora bo'lgan armiyasini tiklab, oyoqqa turg'izib, yangi agressiv hujumlarga tayyorgarlik ko'rmoqda.

Kavkazdagi mojaroning asl sabablari, kim jarbiyda va kim agressor, kim qanday maqsadlarni ko'zlamoqda – bu savollar G'arb matbuoti sahifalaridan tushmay kelmoqda.

Sobiq SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti deya tilga olinadigan Mixail Gorbachevning tanqidiy maqolalari Amerika gazetalarida chop etilmoqda. Gorbachev Rossiyani tushunishga chaqirib, uni himoya qilib chiqmoqda, shundaymi?

Gorbachevning "Nyu-York Tayms" (The New York Times) gazetasida yozishicha, "Rossiya hech qachon urush boshlashni xohlamagan. Mojaroning asl sababchilari Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili va uning xorijdagi homiylari". Uning tahlil qilishicha, G'arbning Gruziyani qurollantirgani va unga harbiy yordam bergani mintaqani tinchlikka emas, urushga yetaklagan.

Mixail Gorbachev fikricha Kavkazdagi mojaro kuch bilan hal bo'lmaydi. Aksincha, tomonlar kuch ishlatmaslik to'g'risida kelishuv imzolashi, G'arb dono bo'lsa, mazkur kelishuvning ro'yobga chiqishi uchun ko'maklashishi zarur deydi Gorbachev. Agarda AQSh Rossiyani ayblab, Gruziyani qayta qurollantirsa, ziddiyat yana alanga olishi tayin.

Kavkazdagi mojaro Olimpiya musobaqasi bo'lganda, deya yozadi sharhlovchi Tomas Fridman "Nyu-York Tayms" gazetasida, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinga vahshiy ahmoqlik uchun oltin medal, Gruziya prezidenti Mixail Saakashviliga o'ylamasdan chiqargan qarorlari uchun kumush medal hamda AQShning tashqi siyosat bo'yicha arboblariga kaltafahmlik uchun bronza medali tekkan bo'lardi.

Sovet Ittifoqi qulagach, AQSh Rossiyada kurtak otgan demokratik harakatlarni quvvatlash, uni Yevropa bilan yaqinlashtirish o'rniga, NATOni kengaytirishga kirishdi – bu xato siyosat, ayniqsa Rossiyaning bu tashkilotga a'zolik yo'li yopiqligini hisobga olganda, deya yozadi Tomas Fridman.

Sharhlovchi nazarida G'arb yuritgan bunday siyosat Vladimir Putinning hokimiyatga kelishiga, AQShning neftga tobeligi mahsulot narxini ko'tarib Rossiya kuch-qudratining tiklanishiga hamda Putin ranj-alamini Gruziyadan olishiga zamin yaratdi.

G'arbning NATO bo'yicha siyosati o'zgarmas ekan, XXI asr Rossiyani jilovlash harakati bilan o'tadi, deya xulosa qiladi siyosatdonlar.

XS
SM
MD
LG