Breaking News

Rossiya Gruziya kuchlarini Abxaziya va Osetiyaga yo'latmaydi


Rossiya NATO tashkiloti bilan hamkorlikni vaqtincha to’xtatmoqda. Mamlakat mudofaa vazirligi bu haqda ma’lum qilgan.

Sal avval NATO tashkiloti ham Rossiya Gruziyani tark etmaguncha aloqalarni muzlatishga qaror qilgan edi. AQSh va Yevropa nazarida Rossiya masalaga sustkashlik bilan yondashib, sulhga amal qilmayapti.

G’arb diplomatlari va kuzatuvchilarning aytishicha, Rossiya Gruziyadan harbiy texnikasini olib chiqishni boshlagan, biroq jarayon cho’zilayotgani norozilik uyg’otmoqda.

Fransiya Rossiyani tezroq harakatlanishga chaqirgan rezolyutsiya bilan chiqqan. Rossiya unga veto qo’yib, BMT Xavfsizlik Kengashiga o’z loyihasini taklif qilmoqda.

“Hujjat Rossiya va Gruziya imzolagan sulhning bir ko’rinishi”, - deydi Rossiya diplomati Vitaliy Churkin. Unda 6 tamoyil aks etgan. Ya’ni janglarni va zo’ravonlikni to’xtatish; urush zonasiga gumanitar yordam kiritish; Gruziya va Rossiya harbiylarini avvalgi pozitsiyalariga qaytarish hamda Janubiy Osetiya va Abxaziya maqomi bo’yicha xalqaro muzokaralar boshlash.

Rossiya rasmiylariga ko’ra, Fransiya taklif etgan hujjatda faqatgina sulhga rioya qilish va tomonlarni avvalgi pozitsiyalariga qaytarish talabi bitilgan. Rossiya loyihasida esa Gruziya hududiy yaxlitligini hurmat qilish haqida hech gap yo’q.

AQSh diplomati Alexandro Vulf “Rossiya o’zi amal qilmayotgan majburiyatlarni yana bir bor hujjat shakliga keltirishdan ne foyda”, - deya so’raydi. Uning aytishicha Rossiya Gruziya yerini tark etsa, shuning o’zi kifoya.

Bu orada, Rossiya Janubiy Osetiya mintaqasida tekshiruv punktlari barpo etib, Gruziya harbiylarini ortiq bu yerga yo’latmasligini ma’lum qilgan. Kreml, shuningdek, Abxaziyani to’liq nazorat ostiga olmoqda. Qo’shma Shtatlar Gruziya armiyasini qayta oyoqqa turg’izish uchun Tbilisiga o’z generalini yo’llagan.

Rossiya qurolli kuchlari shtabi rahbarining o’rinbosari Anatoliy Nogovitsyn so’zlariga ko’ra, Rossiya Gruziya bilan 1992 yilda imzolangan bitimga o’zgartirish kiritmoqda.

“Gruziya tinchlikparvar kuchlari urush davomida Janubiy Osetiya poytaxti Tsxinvali tomonga chekindi va natijada pozitsiyalarini boy berdi. Endi bu yerda faoliyat yuritishiga ruxsat yo’q”, - deydi Anatoliy Nogovitsyn.

Gruziya Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Shota Utiashvili esa “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, Rossiyani Gruziya hududida tinchlikparvar deb atash mantiqqa to’g’ri kelmaydi.

“Rossiya rasmiylari kun davomida jurnalistlarga bir narsani ko’rsatishadi-yu, tunda yana askarlarini hududga qaytarishadi. Bu bir o’yin”, - deydi Utiashvili.

Janubiy Osetiya va Abxaziya poytaxtlarida esa namoyishlar avjida. Rossiya parlamentida bu mintaqalarni mustaqil deb tan olish masalasi ko’tarilgan.

Abxaziya prezidenti Sergey Bagapshning aytishicha, “Rossiya Federatsiya Kengashi qanday qarorga kelishi noma’lum, biroq abxazlar Gruziyadan mustaqil bo’lishni istaydi”.

Moskvada joylashgan Levada tadqiqot markazi o’tkazgan so’rovga ko’ra, rossiyaliklarning 49 foizi Kavkazdagi mojaroda AQShni, 32 foizi esa Gruziyani ayblaydi.

XS
SM
MD
LG