Rossiya NATO bilan hamkorlikni to'xtatdi


Rossiya armiyasi Gruziyaning Gori shahrini deyarli tark etgan. Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev harbiylar juma, ya’ni bugunga qadar mamlakatdan ketadi deb va’da bergan edi.

Ammo AQSh generali Jon Kreddokning aytishicha, rus askarlari juda sekin harakatlanmoqda. Ayrim manbalarga ko’ra, harbiylar Gruziyaning Poti bandargohi tevaragida handaq qazish bilan band.

Rossiya generali Vladimir Boldirev ta’biricha, askarlar Janubiy Osetiya yaqinida nazorat-tekshiruv punktlari qurishga yordam bermoqda, shu sababli ular hududda yana biroz qolishga majbur.

Rossiya NATO bilan harbiy hamkorlikni to’xtatgan. Shimoliy Atlantika harbiy alyansi Kremlga Rossiya qo’shini Gruziyadan butunlay chiqib ketsin deya shart qo’ygan. Bush nazarida Rossiya bergan va’dasiga amal qilmayapti.

O’tgan hafta NATO O’rtayer dengizdagi harbiy mashqlarga Rossiya kemalarini jalb qilmaslikka ahd qilgan edi. Oy Uy rasmiysi Gordon Jondro fikricha, Rossiya qarori uncha muhim emas.

Uning aytishicha, ikki tomonlama hamkorlik ancha avval sustlashgan. Jondroning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan aloqani tiklash tarafdori, ammo rasmiy Moskvaning hozirgi harakatlari bunga to’sqinlik qilmoqda.

2002 yilda Rossiya va NATO bitim imzolab, raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi, dengiz harbiy flotini mustahkamlash bo’yicha hamkorlik va Afg’onistonda qoradori savdosiga qarshi birgalikda kurashishga kelishib olgan edi.

G’arbda norozilik uyg’otayotgan yana bir masala - Rossiya Janubiy Osetiya atrofida 500 ga yaqin askari turishini bildirmoqda.

AQSh rasmiysi Gordon Jondro deydiki, Rossiya urushdan avvalgi pozitsiyaga qaytishi lozim va o’zga yurtda o’zi bilganicha ish tuta olmaydi.

AQSh nazarida Janubiy Osetiya va Abxaziya Gruziyaning tarkibiy qismi va Rossiya bu hududlarga da’vo qila qila olmaydi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Gruziya bu bo’lginchi hududlar haqida unutsa ham bo’ladi” deydi. Rossiya Federatsiya Kengashi kelayotgan dushanba mazkur ikki mintaqa mustaqilligini tan olish masalasini muhokama qiladi.

XS
SM
MD
LG