Toshkentda kuchli zilzila kuzatilgan


O’zbekiston Favqulodda holatlar vazirligiga ko’ra, Toshkentda 22 avgust kuni ro’y bergan kuchli zilzila oqibatida binolarga yengil zarar yetgan. Hech kim halok bo’lmagan.

Zilzila kuchi Rixter shkalasida 6 bal deb baholangan va ma’lumotlarga ko’ra o’chog’i Toshkentdan 20 kilometr uzoqlikdagi Nazarbek posyolkasida.

Ayrim toshkentliklarning aytishicha yer silkinishidan odamlar ancha dahshatga tushib qolgan.

“Bizda yer qimirlaganda ham juda qimirladi. Ancha vaqtdan buyon bunaqasi bo’lmagan edi. Biror jiddiy zarar ko’rinmayapti, agar keyinroq bilinmasa”, - deydi fuqarolardan biri.

“Odamlar orasida mish-mishlar … yer ostida bir narsa portlagan, kimdir atom bombasini sinab ko’rgan degan. Ammo anig’ini bilmaymiz”.

Yana bir toshkentlikning “Amerika Ovozi”ga izohlashicha, “yer ko’tarib bir urdi. Hamma qo’rqib ketdi. Vayronagarchilik yo’q, lekin qo’rquv va mish-mishlar ko’p. Go’yoki metroda portlash yuz berganmish. Uyimizning lyustrasi tushib ketdi. Odamlarni shkaf bosib qolibdi degan gaplar bor”.

21 avgust kuni esa Samarqand shahrining “Zarafshon” temiryo’l stansiyasida gaz to’ldirilgan sisternalar portlab, bir kishi jarohatlangan. Portlash ketidan katta yong’in kuzatilgan.

XS
SM
MD
LG