AQShning ikki yetakchi partiyasi ortidagi savollar


Eshak, mehnatkash jonivor, Demokratik partiya timsoli.

Fil esa, zabardast hayvon, qudratni anglatadi va Respublikachilar partiyasi belgisidir.

Qo'shma shtatlarda Respublikachi va Demokratik partiyadan tashqari yana bir necha siyosiy guruhlar mavjud, ammo mana bir yarim asrdan oshibdiki, Oq Uy va Kongressda mana shu partiyalar hukmronlik qilib keladi.

Amerika xalqining aksariyati ham o'zini bu ikki blok tarafdori deb biladi. Mafkuraviy jihatdan, ba'zilar nazarida, respublikachilar va demokratlar orasida deyarli farq yo'q, ammo amaliy yondashuvga kelganda ular bir-biridan ancha ajralib turadi. Respublikachilar konservativ siyosatni olg'a sursa, demokratlar liberalizm tarafdori.

Siyosat – turfa xil g’oyalar va ularni targ’ib qiluvchi guruhlar bozoridir. Amerikada siyosat beshigini asosan demokrat va respublikachilar tebratib keladi.

Tarixan Demokratik va Respublikachilar partiyalari ildizi bir joyga borib taqaladi. XVIII asrda Demokratik-Respublikachilar partiyasi tashkil topib, keyinchalik bo’linib ketgan. Vaqt o’tishi bilan mafkura va g'oyalar ham ancha o’zgarib borgan.

Demokratlar orasida AQSh davlati asochilaridan biri Tomas Jefferson (1742-1826) partiya otasi deb e'tirof etilsa, respublikachilar uchun Avraam Linkoln (1809-1865) partiyadan saylangan birinchi prezident deb biladi.

Frank Donatelli Respublikachilar partiyasi rais o’rinbosari.

”Konservatizm tarafdorimiz, ya’ni biz azaldan hukumat kichikroq va soliq kamroq bo’lsin deb kelganmiz. Shunda hukumat ham kamroq xarajat qiladi. Masala joyida, mahalliy muhitda hal etilsin. Qog’ozbozlik kamaysin. Bozor erkin bo’lsin. Respublikachilar uchun davlat xavfsizligi eng muhim masala. AQSh o’z manfaatlari yo’lida, xalqaro hamjamiyat bilan til topishib ish tutsin deymiz”.

Demokratik partiya esa bu masalalarga ancha boshqacha yondashadi. Brukings tadqiqot instituti ilmiy xodimi Maykl Makdonald buni shunday tushuntiradi.

"Demokratik partiya liberalizm tarafdori. Tamoman so’lchi emas, ammo ular mehnatkashlar partiyasi hisoblanadi. Ishchilar manfaati bu partiya uchun juda muhim. Demokratlar hukumat kattaroq bo’lsin va jamiyat taraqqiyoti uchun ko’proq ter to’ksin deb keladi”.

Bundan 75 yil oldin, Qo’shma Shtatlar iqtisodiy tanazzulga tushgan bir paytda, demokrat Franklin Ruzvelt prezidentlikka saylanadi.

U yuritgan liberal siyosat, u olib borgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar sabab Amerika jamiyati ancha oyoqqa turadi.

Amerika sharqi, Atlantika okeani bo’yidagi katta shaharlar va mamlakat g’arbi, Tinch okeani bo’yidagi yirik shtatlar - demokratlar o’chog’i.

Respublikachilar esa sobiq prezident Ronald Reygenni o’z qahramoni deb biladi. Reygan - yaqin tarixda bu partiyaga kuch bergan arbob.

Reygan tarqoq respublikachilarni birlashtira olgan. Taqvodor va fundamentalist nasroniylarga bu partiyadan doimiy joy olishini ta’minlagan.

Odatda partiyalar ham Oq Uy, ham Kongress uchun kurashadi. Prezident va ko’pchilik qonunchilar bir partiya a’zosi bo’lmasa, Kongress va Oq Uy orasida tortishuv avjiga chiqadi. Siyosiy muammolarni yechish qiyinlashadi. Bunday hollarda, deydi siyosatdonlar, prezidentning qanchalik uddaburo ekani sinaladi. Gap Kongress bilan til topisha olishda.
XS
SM
MD
LG