Breaking News

AQSh askarlarining Iroqdan chiqish sanasi deyarli aniq


Vashington va Bag’dod Amerika askarlarini Iroqdan olib chiqish sanasini belgilash arafasida. Taxminlarga ko’ra, AQSh qo’shini 3 yildan so’ng Iroqni tark etadi. Agar mamlakatda xavfsizlik qaror topsa.

AQSh rasmiylarining aytishicha, bitim shartlari hali tugal aniq emas. Prezident Bush va Iroq Bosh vaziri Nuri al-Maliki “ikki juft” masala ustida o’ylanmoqda.

Oq Uy Davlat Xavfsizlik Kengashi rasmiysi Gordon Jondro ta’biricha, hujjat deyarli tayyor. Tomonlar uning har bir bandini puxta ishlashga harakat qilmoqda deydi u. AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays muzokarani tezlashtirish uchun joriy hafta Ba’gdodda bo’ldi.

AQSh qo’shinining Iroqdagi missiyasi shu yil oxirida tugaydi. Tomonlar muddatni uzaytirish shartlarini muhokama qilmoqda.

Ayrim xabarlarga ko’ra, AQSh harbiylari kelasi yil o’rtalarida Iroqning yirik shaharlaridan chiqadi, 2011 yilga borib esa mamlakatdan butunlay ketadi. Muhokamadagi yana bir masala - Iroq qonunlari AQSh harbiylariga qanchalik taalluqli? Amerika zobiti Iroqda jinoyat sodir etsa, u qaysi mamlakat qonunlari bilan sud qilinadi? Tomonlar hali aniq to’xtamga kelmagan.

Bush ma’muriyati aniq sana belgilashdan bosh tortib keladi. Vashington Iroqda xavfsizlik qaror topishini istaydi, biroq vaziyat og’irlashsa, askarlar jangga qaytadi deydi Bush.

Tahlilchilar nazarida Iroq tinchligi va xavfsizligini ta’minlash uchun mahalliy askarlarni faolroq jalb qilish zarur. Shu maqsadda Qo’shma Shtatlar Iroq armiyasi malakasini oshirish bilan band.

XS
SM
MD
LG