Suv taqchilligi muammosi yaqin 10 yilda tabiiy ofat tusini oladi


Suv tanqisligi Markaziy Osiyoda yaqin 10 yillikdagi eng dolzarb muammolardan biriga aylanadi. O'zbekistonda nafaqat sug'orish, balki ichimlik suvi yetishmovchiligi ham kuchaymoqda.

Mintaqada muzliklar erishi tezlashmoqda, qishloq xo'jaligida suvdan tejamli foydalanish mexanizmi shakllanmagan. Tejamkorlikni ta'minlovchi yangi texnologiyalar katta mablag' va davlat e'tiborini talab qiladi.

Fermerlardan biri bu yilgi qurg'oqchilik dehqonlar uchun ancha og'ir kechganini ta'kidlaydi:

"Paxtaga suv berishni hojati ham qolmadi. Vaqt o'tib bo'ldi. Bu yil dehqonlar, fermerlar uchun yil og'ir keldi. O'ylashimcha, ko'pchilik paxta planini bajara olmaydi. Qurg'oqchilikni ichimlik suviga ham ta'siri bo'lar ekan. Kuzatishimcha ko'p joylarda yerosti suvlarini chuqurlikdan nasoslar tortib ololmaydi. Aholiga ham ancha qiyinchilik tug'diradi", - deydi bu fermer.

Yaqin yillardan boshlab kuzatilyotgan qurg'oqchilik sabablari haqida mutaxassislar orasida ikki xil qarash mavjud.

Birinchi qarashga ko'ra, mintaqa global iqlim o'zgarishi ta'siri ostida. Bu mintaqada nafaqat keskin qurg'oqchilikni, balki o'ta og'ir ekologik inqirozlarni yuzaga keltiradi. Ta'kidlash joiz, turli xalqaro hisobotlarda ham suvsizlik, qurg'oqchilik mintaqada turli ziddiyatli holatlarga sabab bo'ladi deya ogohlantirilgan. Ekologik inqirozlar taxminlarga ko'ra 2020 yillardan boshlab yaqqolroq namoyon bo'ladi.

Mintaqadagi qurg'oqchilikni tahlil qilayotgan ikkinchi guruhga ko'ra, suv yetishmovchiligi haqidagi hisob-kitoblar haddan oshirilgan, yuz yillikda mintaqada qurg'oqchilikning davriy bosqichiga kirish boshlanadi. Har 7-8 yilda bir kuzatilayotgan qurg'oqchilik davriylik boshlanganidan dalolat beradi.

Professor Rustam Razzoqovga ko'ra ikki qarash ham o'rinli. Biroq asosiy masala bunda emas, balki yer sho'rlanayotganiga qarshi biror samarali chora ko'rilmayotganidadir.

"Olimlar ishlab chiqarayotgan texnologiyalarni kuzatadigan, tatbiq qiladigan, tajriba uchastkalariga ko'mak ko'rsatadigan davlatni maxsus yordami bo'lishi kerak. Tajriba maydonlarida olimlarni o'zlari ishtirok etishi kerak, shunda natija bo'ladi. Oxirgi 30-40 yilda birorta yangi texnologiya qo'llanilmadi. Masalan, Amerikada yopiq aylanma sug'orish qo'llaniladi. Chuchuk suvni o'simlik turiga qarab bir necha bor qayta ishlatish mumkin. 75 foiz chuchuk suvga sho'r suv qo'shib paxtani sug'orish, undan chiqarib boshqa bir o'simlikni sug'orsa bo'ladi. Asosiysi suvni saqlash mumkin bo'ladi", - deydi "Ekoservis" nodavlat tashkiloti rahbari professor Rasul Razzoqov.

Mutaxassislar tashvishiga sabab bo'layotgan masalalardan biri nafaqat qishloq xo'jaligi, balki toza ichimlik suvining ham kamayishi, sifatini buzilishidir.

Yaqinda tashkil etilgan "O'zbekiston Ekologlari" ijtimoiy harakati ijroiya qo'mitasi raisi o'rinbosari Saidrasul Sanginovga ko'ra, avval Orolbo'yi havzasida kuzatilgan ichimlik suvi sifatining buzilishi respublikaning boshqa hududlari tomon kengaymoqda.

"Toza ichimlik suvini sifati pasayayotgani, afsuski, bor masala. Sabablari albatta birinchi navbatda sho'rlanish, keyin yerosti suvlaridan foydalanishni noto'g'ri tashkil qilingani. Sanoat va maishiy chiqindilarni ham bu jarayonga ta'siri bor. Shu bois ko'p joylarda ichimlik suvining sifati pasayib ketmoqda", - deydi Sanginov.

Bi yilgi qurg'oqchilikdan nafaqat O'zbekiston ziyon ko'rgan. Paxta ekiniga moslashgan Janubiy Qozog'istonda ham suv ta'minoti bilan bog'liq avhol ancha og'ir. Qurg'oqchilik chorva bilan shug'ullanuvchi aholiga ham katta zarar yetkazgan.

Mutaxassislar bu kabi qurg'oqchilik 2000-yillarda kuzatilganini qayd etadi. Mamlakatda qurg'oqchilikdan zarar ochiq hisob-kitob qilinmaydi. Fermerlarga ko'ra bu yil hukumat paxta planini talab qilayotganda qurg'oqchilikni e'tiborda tutmoqchi emas.

Sharhlovchilarga ko'ra davlat suvdan foydalanishni samarali yo'lga qo'yganda, bu yilgi qurg'oqchilik asoratini yumshatish mumkin edi.

"Hozir suv tanqisligi yaqqol sezilayotgani yo'q. Asosan me'yoriy ravishda kuzatilmoqda. Boshqarishni o'zini qoniqarli deb bo'lmaydi. Qancha suv kelayapti, biz bilmaymiz. Qurg'oqchilik deyilayapti, nima sababdan, buni hisob-kitob qilish kerak. Osiyo Bankining yaqindagi majlisida aytilishicha 10 yil ichida suvdan foydalanish 25 foizga ko'paygan. Nimaning hisobiga ko'paygan, yangi yer o'zlashtirilmasa, ko'p yerlar ishdan chiqqan, sug'orilmayotgan bo'lsa, suv qayerga ketdi? Bu jumboq. Bunga mutaxassislar aniq javob berishi kerak. 40 kub kilometrga sig'adigan ko'llar paydo bo'layapti, yerosti suvi ko'tarilib sho'rlanish darajasi yanada kuchayishi mumkin. Bu muammo ham bor, buni ham hisobga olish kerak", - deydi professor Rustam Razzoqov.

Mintaqa suvlarining energetik tizimda ishlashi Qozog'iston va O'zbekiston manfaatiga, irrigatsiya tizimida ishlashi esa Qirg'iziston va Tojikiston manfaatiga to'g'ri kelmasligi - muammoning asosiy ziddiyatli tomonidir.

Mintaqa keskin qurg'oqchilik ta'siriga tushadi degan taxminlar esa ziddiyatlar keskinlashishidan darak beradi.

Ayni paytda suvdan foydalanish mintaqada 1998 yilda tuzilgan hukumatlar-aro komissiya ishiga ko'ra amalga oshadi. Davlatlar o'rtasida suvdan foydalanish bo'yicha xalqaro bitimlarga muvofiq imzolangan shartnoma mavjud emas.

Hukumatlar o'rtasidagi amaldagi shartnomalar bilan biror natijaga erishish qiyin. Suv zaxirasi bilan bog'liq vaziyat og'irlashishda davom etadi.

"Suv kam bo'lgan paytda har bir tomon imkon qadar ko'proq olishga urinadi, bu aniq. Bu yil ham shu narsa kuzatildi. Ehtimol keyingi yil suv ko'p bo'lar, lekin issiqlanish jarayoni ketayotgani aniq. Muzliklar erib bo'lishi mumkin. Hukumatlar bu muammoni inobatga olishi va tegishli xalqaro bitimlarga ko'ra bir bitimga kelishi zarur", - deydi akademik Bekjon Toshmuhammedov.

Hukumatlar orasida kelishmovchiliklar, raddiyalar kuzatilmoqda. O'zbekiston qishloq va suv xo'jaligi vaziri o'rinbosari Shavkat Hamroyev yaqinda matbuotda e'lon qilingan maqolasida Qirg'izistonni barcha kelishuvlarni buzgan holda suvni energetik maqsadda ishlatayotganlikda ayblagan.

"Qirg'iziston Sirdaryodan foydalanishda monopollikni saqlab qolmoqda va o'z muammolarini qozog'istonlik va o'zbekistonliklar uchun belgilangan suv evaziga hal etishga harakat qilmoqda", - deyiladi bu maqolada.

Qirg'iziston bayonotiga ko'ra esa bu yilgi qurg'oqchilik mintaqaning barcha davlatlarida bilinmoqda. Mintaqa suvidan foydalanish bo'yicha 1998 yilda imzolangan bitim o'z kuchini yo'qotgan. O'zbekiston yangi taqdim etilgan bitimga imzo chekmagan, avvalgi bitimdagi ayrim majburiyatlarini bajarmagan.

Ma'lumotlarga ko'ra bu yilgi suvsizlik Qirg'izistonda keskin energetik inqiroz bilan kuzatilishi mumkin.

O'zbekiston va Qozog'iston, Qirg'izistondan kelayotgan suv miqdoriga qarab, ayniqsa yoz payti elektr energeyiasi o'rnini yonilg'i mahsulotlari bilan qoplash majburiyatini olgan. Biroq keyingi paytda yonilg'i va elektr quvvati narxini belgilash ham turli muzokaralar, kelishmovchiliklarga sabab bo'lmoqda.

So'nggi yillarda elektr quvvatiga bo'lgan talab oshishi Tojikistonda Qirg'izistonda ham elektr bilan bog'liq inqirozlarni yuzaga keltirdi. Bu davlatlarda suvdan elektr quvvati olishga zo'r berilmoqda. Mintaqa suvining asosiy iste'molchilari Qozog'iston va O'zbekiston bundan tashvishda.

"Suv bu energetik resurs. Qirg'iziston, Tojikiston uchun ham. Lekin bu degani katta suv omborlari qurib, qo'shnilarga suv bermasdan, elektrni Pokistonga yoki Xitoyga sotish degani emas. Birinchi galda o'z mintaqamizni suv bilan ta'minlashimiz kerak. Keyin boshqalar bilan birgalashib gaplashish mumkin bo'ladi", - deydi "Suvchi" nodavlat tashkiloti rahbari Tohir Majitov.

O'zbekiston Ekologlari ijtimoiy harakati faollaridan biri Saidrasul Sanginovga ko'ra avvalo mintaqa daryolari Amudaryo va Sirdaryoning trans-chegaraviy maqomini belgilash kerak. Buning uchun mintaqa davlatlari trans-chegaraviy daryolar haqidagi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilishi kerak.

"Shartnomaga kelishishni ancha murakkab tomonlari bor. Xabaringiz bor, O'zbekiston yaqinda transchegaraviy suvlar haqidagi xalqaro konvensiyaga qo'shildi. Biz qo'shnilarimiz Tojikiston, Qirg'izistonni ham shu konvensiyalarga qo'shilishga undab kelayapmiz. Lekin hozircha natija yo'q. Har kimni o'z siyosati bor. Agar ular ham shu konvensiyaga qo'shilishsa, suvdan foydalanish bo'yicha shartnomaga kelishish, xalqaro tashkilotlar ko'mak berishi yuzasidan ham yangi imkoniyatlar bo['lardi", - deydi Saidrasul Sanginov.

Tahlilchilar nazarida mintaqa suv zaxiralaridan foydalanish bo'yicha ayni paytdagi vaziyat amaliy choralar bilan emas, ko'proq tomonlarning bir-biriga bo'lgan e'tirozlari bilan kuzatilmoqda.

Fikrlarga ko'ra yaqin 10 yillarda suv yetishmoqvchiligi davriy qurg'oqchilik sifatida emas, aniq bir tabiiy ofat tusiga kiradi. Bu esa hozirdanoq aniq, keskin choralar ko'rishni talab etadi.
XS
SM
MD
LG