Mishel Obama: Barak ajoyib va qobil prezident bo'ladi


AQShda Demokratik Partiya xalqni rahbariyatni yosh avlodga topshirish payti yetdi deya ishontirishga urinmoqda.

Kolorado shtatining Denver shahrida AQSh Demokratik Partiyasi saylovoldi qurultoyini o'tkazmoqda. Unda senator Barak Obama (Barack Obama) rasman prezidentlikka nomzod deb ko'rsatiladi.

Barak Obamaning turmush o'rtog'i Mishel Obama (Michelle Obama) sahnada katta tantana bilan kutib olindi.

"Amerika xalqi bu yurtning orzular ushaladigan diyor ekaniga hali ham ishonsa, turmush o'rtog'im uchun ovoz beradi", - dedi Mishel.

"Men bu yerga umr yo'ldoshimni qo'llab-quvvatlash uchun va u ajoyib prezident bo'ladi deya sizni ishontirish uchun keldim".

Tadbirdan ko'zlangan bir maqsad - televizion ekranlar oldida yig'ilgan millionlab amerikaliklarga bu oilani, ehtimol bo'lajak prezidentning oilasini tanitish.

Barak Obama saylansa, AQShning ilk qora tanli prezidenti bo'ladi.

"Barak va men o'zgaga hurmat va izzatda bo'l deya uqtirilgan oddiy mehnatkash oilada tarbiya topganmiz. Orzularga erishishning yagona yo'li bu mehnat, qunt-matonat va tirishqoqlik",- dedi Obama xonim.

Demokratik Partiya qurultoyida eng nufuzli senatorlardan biri, AQShning 35-prezidenti Jon Kennedining ukasi, Ted Kennedi ham so'zga chiqdi.

"Boshqaruvni yangi avlodga topshirish, oxirgi 8 yil mobaynida chilparchin bo'lgan orzu-umidlarni tiklash va Barak Obamani prezident etib saylash vaqti keldi", - deya ta'kidladi saraton kasalligi bilan olishayotgan keksa senator.

Bugun Demokratik Partiya oldida turgan eng muhim vazifa – saylovchilarni birlashtirish.

Ommaviy so'rovlarga ko'ra nomzodlik uchun Barak Obama bilan yonma-yon kurashgan senator Xillari Klinton tarafdorlari hamon uning mag'lubiyatidan norozi.

Buning ustiga Obama vitse-prezidentlikka Klintonni emas, keksa senator senator Jo Baydenni tanlagan.

Xillari Klinton o'z tarafdorlaridan, asosan xotin-qizlardan kelajakka umid bilan qarab, Barak Obamaga ovoz berishni so'ramoqda. "Maqsad",- deydi u, "Oq Uyga demokratni saylash, aks holda hammamiz boy beramiz".

XS
SM
MD
LG