G'arb Gruziya hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqirmoqda


AQShning gumanitar yordam ortilgan harbiy kemalari Gruziyaning Batumi bandargohiga yetib borgan. Rossiya bu yukka shubha bilan qaramoqda.

Kreml Janubiy Osetiya va Abxaziyaning mustaqilligini tan olib, ular bilan diplomatik aloqa o’rnatishga kirishar ekan, bu qadamlar Gruziya, AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa qator davlatlarning keskin qarshiligiga sabab bo’lmoqda.

Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqillikni tantana qilmoqda. G’arb esa Rossiya siyosatidan qat’iyan norozi.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays nazarida Rossiya prezidenti tinchlik bitimiga amal qilmayapti. Kremlning harakati “mutlaqo noloyiq” deydi u. "Janubiy Osetiya va Abxaziya maqomini BMT Xavfsizlik Kengashida hal qilish zarur, Rossiya Gruziyani parchalashga harchand urinmasin, Vashington bunga yo’l qo’ymaydi," - deydi Rays.

Gruziya prezidenti Mixail Saakshvili fikricha, Rossiya suveren davlat hududiga tajovuz qilmoqda. "O’tmishda Gitler va Stalin turli davlatlarni shu usulda istilo qilgan," - deydi Saakashvili.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin so’zlariga ko’ra esa Tbilisining agressiv va shovinistik siyosati Moskvani jiddiy choralar ko’rishga majbur qilgan. "Birovning yerini bosib olish niyatimiz yo’q," - deydi u.

"Rossiya ikki mintaqa mustaqilligini tan olishdan avval vaziyatni uzoq kuzatdi. Bu qaror shoshilinch qabul qilingani yo’q," - deydi Churkin.

Gruziyaning BMTdagi elchisi Irakli Alasania, Kremlning qarori qonuniy kuchga ega emas, Gruziya hamon suveren, mustaqil va yaxlit davlat deydi.

Vitaliy Churkinning aytishicha, Tbilisi Janubiy Osetiyaga hujum qilib, BMT qonunlarini buzgan va hududiy daxlsizlikni da’vo qilishga haqqi yo’q.

Siyosiy tahlilchi Anjela Stent nazarida Moskva g’arb bilan hisoblashmay qo’ygan. "Oqibati yaxshi bo’lmaydi, ammo Rossiya baribir “qo’llaridan hech narsa kelmaydi” degan qabilda ish tutayapti," - deydi sharhlovchi.

XS
SM
MD
LG