Breaking News

Barak Obama - "Amerikaning azaliy orzusi"


AQSh tarixiy damlarni boshdan kechirmoqda. Mamlakatda ilk bor prezidentlikka qora tanli arbob nomzod sifatida ma'qullandi.

47 yoshli Barak Obama bilan deyarli ikki yil nomzodlik uchun kurashgan Xillari Klinton Demokratik partiya qurultoyida safdoshlaridan sobiq raqibining prezidentlikka rasman ko'rsatilishini so'radi.

"Kelajakka umid bilan, birdamlik va g'alaba uchun, partiyamiz va yurtimizga sodiq holda, Barak Obamani nomzodimiz deb tan olaylik, chunki bugun faqat u AQShni boshqara olishga qodir inson",- deya undadi Klinton.

AQSh Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi yetakchiligida demokratlar bir ovozdan Klintonning chaqirig'ini ma'qulladi.

AQShning 232 yillik tarixida hech bir siyosiy partiya afro-amerikalikni prezidentlikka ravo ko'rmagan.

Asrlar davomida qul sifatida sotilgan, ekspluatatsiya qilingan va kamsitilgan, hatto bugungacha jamiyatda teng huquqli fuqaro sifatida o'z o'rnini topishga qiynalayotgan qora tanlilar uchun Obamaning tanlanishi nafaqat faxr, balki ularning avlodlariga armon bo'lib qolgan orzuning ro'yobga chiqishidir.

Barak Obamaning tarafdori bo'lgan va bo'lmagan barcha amerikaliklar nazarida bugun Amerika uchun yangi sahifa ochilmoqda.

Obama 2004 yilda AQSh Senatiga saylangan. Gavayi orollarida tug'ilgan. Onasi oq tanli, otasi esa Keniyadan bo'lgan. Oila ajrashib ketgach, bobosi va buvisi qo'lida katta bo'lgan.

Obama Amerikaning yetakchi oliygohlarida o'qigan. Jamoatchi faol sifatida kambag'al oilalar bilan ishlagan. Illinoys shtatida qonunchi bo'lgan.

Yaqingacha ham rafiqasining Obamaga mag'lub bo'lganini ochiq tan olmagan sobiq prezident Bill Klinton, "Barak bu diyorimizning asl farzandi", - deydi.

"Barak Obama uchun AQSh konstitutsiyasi eng oliy nizom. U bu yurtga g'amxo'rlik qilib, uni har tomonlama himoya qila oladi. Unga ishoning va ergashing",- deydi Bill Klinton.

Barak Obama vitse-prezidentlikka keksa va tajribali senator Jo Baydenni tanlagan.

Jo Bayden amaldagi prezident, respublikachi Jorj Bushni AQShni egri yo'lga yetaklaganlikda, tashqi siyosatni eplay olmaganlikda, iqtisodiy tanazzulga olib kelganlikda ayblaydi.

"Amerika nurli kelajak istasa, bu safar demokratlarni Oq Uyga saylaydi",- deydi Bayden.

"Amerikani to'g'ri yo'lga yetaklab, xalqimni xavfsizlik, to'q va farovon hayot sari yo'naltirish hayotiy maqsadim",- deydi Barak Obama.

Nomzod qurultoy oxirida 85 mingga yaqin amerikalik oldida so'zlab, respublikachi raqibi senator Jon Makkeynni Amerika oldida turgan jamiki masalalar bo'yicha bahsga chorladi.

Makkeyn kelasi hafta o'z partiyasi qurultoyida so'zga chiqib, xalqdan uni prezidentlikka saylashni so'raydi. Saylov 4 noyabrda o'tadi.

XS
SM
MD
LG