Yevropa Rossiyaga qarshi sanksiya joriy etishi mumkin


Yevropa Ittifoqini boshqarayotgan Fransiya Rossiyaga nisbatan sanksiya qo'yilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Bernar Kushnerning aytishicha, Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziyani mustaqil davlat deya tan olib, Gruziya hududiy yaxlitligiga putur yetkazgan.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Miliband esa Yevropa Ittifoqi va NATO Rossiya siyosatini qoralovchi koalitsiya tuzmoqda deydi. Yevropa Kreml bilan energetik hamkorlik shartlarini qayta ko'rib chiqadi deydi diplomat.

"Rossiya mintaqaviy xaritani o'zgartirishga urinar ekan, biz, ya'ni Yevropa hamjamiyati, qolaversa G'arbdagi barcha davlatlar unga suverenitet, integratsiya va demokratiya haqidagi xalqaro qonunlarni eslatishimiz va Kremlning bu majburiyatlarga rioya qilishini talab qilishimiz lozim",- deydi Britaniya tashqi ishlar vaziri.

G'arbda Rossiyani Katta Sakkizlikdan chiqarib yuborish kerak degan chaqiriqlar yangrar ekan, bu guruhning yetti a'zosi – Amerika, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Britaniya va Yaponiya Kremlni BMT Xavfsizlik Kengashining qator rezolyutsiyalariga qarshi ish ko'rganlikda ayblamoqda. Guruh Rossiyani olti-bandli sulh shartlarini buzmaslikka chaqirgan.

Bu hujjatga binoan Rossiya va Gruziya kuchlari 6 avgustgacha qayerda turgan bo'lsa, o'sha nuqtaga qaytishi lozim. Eng muhimi, deyiladi yettilik tomonidan berilgan bayonotda, tomonlar urush jabrdiydalariga insonparvarlik yordami yetib borishi uchun barcha yo'llarni ochsin.

Gruziya va Rossiya bir-birini vahshiylikda va genotsidda ayblar ekan, AQSh rasmiylari mustaqil tekshiruv ishlari olib borish kerak deb chiqmoqda. Dunyo ahli urush paytida qanday jinoyatlar kimning aybi bilan sodir etilgani haqida bilishi kerak deydi rasmiylar.

Janubiy Osetiyadan kelayotgan xabarlarga ko'ra, mintaqada vaziyat og'ir. Osetinlar gruzinlarga qarshi tazyiqni kuchaytirgan, butun nazorat Rossiya harbiylari qo'lida, insonparvarlik yordamini taqsimlash qiyin kechmoqda deydi u yerdagi muxbirimiz Piter Xaynlayn.

"Gruziya Ishki ishlar vazirligi rasmiysi Shota Utiashvilining aytishicha, Dmitriy Medvedev mintaqani mustaqil deb tan olganidan beri Janubiy Osetiyada ikki mingga yaqin gruzin aholi uy-joyidan ayrilgan. Gruzin qishloqlarini birma-bir aholidan tozashmoqda",- deydi Utiashvili.

Rossiya rasmiylariga ko'ra esa mintaqa mustaqilmi, demak xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish kerak.

Kreml Gruziya o'z siyosatini yangilash haqida o'ylasin, vaziyatning murakkablashishida "bizni emas, o'zini ayblasin" deya eslatmoqda.

Rossiya hukumatiga ko'ra, Gruziya osetinlarga qarshi qabih jinoyatlarni amalga oshirgan.

"Ular uchun javobgarlikni o'z bo'yniga olmasdan, G'arb etagi ostida yashirinishga urinmoqda va prezident Mixail Saakashvili urush uning qaltis xatolari bilan boshlanganini tan olishga qodir emas", - deydi Rossiya armiyasining bosh shtab rasmiysi Anatoliy Nogovotsin.

XS
SM
MD
LG