Rossiya nazarida bugun NATOdek tashkilotga hojat yo'q


Rossiya NATOning sharq tomon kengayishiga, Gruziya va Ukraina kabi davlatlarning alyans safiga kirishiga qarshi. Kavkazdagi urushda G’arb Tbilisini yoqlagach, Rossiya NATO bilan hamkorlikni to’xtatdi.

Prezident Dmitriy Medvedev fikricha, hamkorlikdan Rossiya emas, NATO ko’proq manfaatdor. Aloqalar uzilsa, Rossiya o’zini eplab ketadi, hatto munosabatlarni butunlay uzishga tayyormiz, deydi Medvedev.

Rossiya hatto NATOdagi elchisi Dmitriy Rogozinni chaqirib oldi. Rogozin nazarida NATO Sovuq Urush davri qobig’idan chiqa olmayapti. Rossiya-NATO aloqalarini tubdan ko’rib chiqish kerak deydi diplomat.

”NATO harbiylari ortiq Rossiyaga qadam bosmaydi, alyans kemalari Rossiya sohillariga yo’lamaydi, qo’shma harbiy mashqlar haqida unutsa ham bo’ladi,” - deydi Rogozin.

Lekin, deydi Rogozin, Moskva NATO bilan muzokara qilishga tayyor. Qoradori savdosiga qarshi kurash, xavfsizlikni ta’minlash, terrorizmni tugatish, insonparvarlik yordami yetkazish va boshqa sohalarda avval qanday ishlagan bo’lsak, bundan keyin ham shu tartibda ishlaymiz deydi Rogozin.

Moskvadagi muxbirimiz Pyotr Fedinskiy mustaqil harbiy ekspert Pavel Felgengauer bilan suhbatda bo’lganida, bu mutaxassis Moskva NATOdan yuz o’girib, o’ziga ziyon qilmoqda degan mulohaza bildirdi.

“Shimoliy harbiy alyans Rossiyani o’ziga raqib deb bilib, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligida ustunlik uchun kurash boshlashi mumkin. Qarabsizki, Rossiya butun mintaqani o’ziga qarshi qilib qo’yadi,” – deydi ekspert.

NATO Qora Dengizga harbiy kemalarini safarbar etar ekan, Rossiya tobora xavotirga tushmoqda. Kreml shubhalanishicha, bu kemalar Gruziyaga qurol-aslaha yetkazmoqda. Kecha AQShning ikki harbiy kemasi Gruziyaning Batumi portiga kelgan. Asosan, ko’rpa-to’shak, gigiyena vositalari, bolalar uchun yegulik kabi gumanitar yordam yetkazilgan.

Rossiya generali Anatoliy Nogovitsin fikricha, Qora Dengizda yaqinda oyoq qo’yishga joy qolmaydi. Rossiya hozircha hududga qo’shimcha harbiy kuch kirtimoqchi emas, garchi bunga qurbi yetsa-da, deydi general.

Tahlilchi Pavel Felgengauer nazarida Rossiya rahbariyati G’arbdagi andoza va qadriyatlardan hayiqmoqda. Mas’uliyatli hukumat, erkin saylovlar, qonun ustuvorligi kabi mezonlar korrupsiyaga botgan rus rasmiylariga yot. Ular Gruziya va Ukrainadagi rangli inqiloblardan juda cho’chib qolgan deydi Pavel Felgenxauer.

Ayrim rus diplomatlari Uchinchi Jahon Urushi ehtimoli haqida gap ocha boshlagan. Pavel Felgengauer fikricha, bu gap-so’zlardan maqsad g’arb jamiyatini qo’rqitish.

”G’arb ahli sarosimaga tushib”, - deydi tahlilchi, “Mayli, Gruziyani qurbon qilsak qilibmizda, Rossiya bilganini qilsin” deb ish tutishi mumkin. G’arb o’zi Gruziya haqida nimani biladi? Moskva rasmiylarining maqsadi ham shu, odamlarni vahimaga solish”,- deydi Felgengauer.

Uning aytishicha, Rossiya NATO bilan muomala qilmaslikka tayyor. Yevropadagi ayrim davlatlar, Xitoy, Osiyo davlatlari Kremlni yoqlashi, dunyoda qarama-qarshi ikki front paydo bo’lishi mumkin. Shunday bo’ldi ham deylik, Gruziya va Ukraina NATOdan umidini uzsa ham bo’ladi, deydi rossiyalik ekspert.

Rossiya-Gruziya mojarosi bilan bog’liq mavzular, G’arb, jumladan AQSh-Rossiya orasidagi bugungi kelishmovchiliklar va diplomatik so’zlashuvlar, bu borada tahlilchi va sharhlovchilar, qolaversa oddiy odamlar fikri bilan Internetda amerikaovozi.comda ham tanishishingiz mumkin. Dasturimiz davom etadi.

XS
SM
MD
LG