O'zbekistonda qonunlar yaxshi, lekin amalda hali foyda bermayapti


O’zbekistonda, deya bildiradi ayrim xalqaro moliya tashkilotlari, xususiy sektor uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda va iqtisodiy islohotlar samara bera boshlagan.

Ammo ayrim tadbirkorlar bu xulosalarga qo’shilmaydi. Qonunchilikdagi o`zgarishlar va amaldagi vaziyat bir-biriga mos emas, deydi ular.

O’zbekiston matbuotida Xalqaro Moliyaviy Korporatsiya e`lon qilgan yillik hisobot keng yoritilmoqda.

Dunyoning 170 dan ortiq mamlakatida tadbirkorlar uchun yaratilgan muhitni tahlil qilgan bu hisobotda O`zbekistonga ijobiy baho bergan.

Mamlakatda kichik korxonalarni davlat ro`yxatidan o`tkazish soddalashtirilgan, litsenziya va ruxsatnomalar muddati uzaytirilgan, soliq foizlari muntazam tushib bormoqda, biznesni ixtiyoriy tugatish jarayoni tartibga keltirilgan va hokazo deyiladi unda.

Xalqaro Moliyaviy Korporatsiyaga ko`ra, kichik biznesni rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan islohotlar O`zbekistonni mintaqada yetakchi davlatga aylantirishi mumkin.

Mahalliy tadbirkorlar fikricha, O`zbekistonda tadbirkorlar uchun sharoit bundan 10-15 yil avvalgi sharoitga qiyoslaganda ancha og`irlashgan.

“93-94 yillarda juda ham yaxshi edi, hozir unchalik emas. U paytda ustav fondi ming so`mgacha tushirilgan, hatto ustav fondisiz ham korxonani ro`yxatga olish mumkin edi. Turli tekshirishlarga barham berilgan edi. To`siqlar juda ko`p”, - deydi kichik biznes bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlardan biri.

Yaqinda Xalqaro Moliyaviy Korporatsiya vakillari O`zbekistonda bo`lgan va “Uzbek Leasing International” kompaniyasi bilan kichik biznesni rivojlantirish maqsadida 3 million dollar miqdorida kredit shartnomasi imzolashgan edi.

Keyingi paytda O`zbekiston bilan hamkorlikni tiklayotgan Xalqaro Valyuta Jamg’armasi, Jahon Banki kabi tashkilotlar qatoriga Xalqaro Moliyaviy Korporatsiya ham qo`shilmoqda.

Sharhlovchilarning aytishicha, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan tiklanayotgan aloqalar iqtisodiy muhitdagi o`zgarishlar bilan emas, G`arb-O`zbekiston muloqotining jonlanishi bilan izohlanadi.

Tadbirkor nazarida xususiy biznes rivoji uchun qabul qilinayotgan qaror, qonunlarga e`tiroz bo`lmasligi mumkin, biroq bu qonunlar faqat qog`ozda.

“Qonunlar yaxshi, lekin ularning ijrosi… Raqobat ham bor, halol raqobat bo`ladi, g`irrom raqobat bo`ladi, ish soatlari aniq belgilanmagan, maoshlar oz”, - deydi tadbirkor.

Ta`kidlanayotgan fikrlarga ko`ra, hozirgacha qabul qilingan qarorlar minglab tadbirkorlarni biznes sohasidan siqib chiqargan, savdo-tijorat yo`nalishi asosan hokimiyatga yaqin qatlam qo`lida.

O`zbekiston xalqaro tashkilotlarning tanqidiy hisobotlariga e`tibor bermay keladi. Biroz avval Xalqaro Tinchlik Fondi 2008 yilda dunyo davlatlarida ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni tahlil etib hisobot e`lon qilgan edi.

Bu hisobotda asosiy mezonlar - iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy vaziyat va demokratik ko`rsatkichlar.

Tahlilga ko`ra, iqtisodiy o`sish to`xtab qolgan, qonunlar ishlamaydi, korrupsiya yuqori, daromad ko`rish sanoqli doira vakillariga tegishli, shuningdek, mamlakatdan millionlab odamlar chiqib ketmoqda – bularning barchasi O`zbekistonni dunyodagi eng zaif davlatlar qatoriga qo’shmoqda.

Mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimov iqtisodiy vaziyat bois aholi tashqaridan non topishga majbur deydi.

“Ayniqsa, cho`l zonalarida shunaqangi tahlikali vaziyat yuzaga kelganki, aholi mamlakatdan qochib chiqib ketayapti. Bu muammoni hukumat oldiga chiqarishning iloji bo`lmagani uchun ham odamlar ketishga majbur”, - deydi Shosalimov.

Iqtisodiy o`sish haqidagi rasmiy hisob-kitoblarga ko`ra, O`zbekiston MDH doirasida yetakchi davlatlardan biri, biroq sharhlovchilar mamlakatdagi real iqtisodiy ahvol rasmiy ma`lumotlardan keskin farq qilishini ta`kidlab keladi.

XS
SM
MD
LG