Breaking News

Makkeyn va Obama Markaziy Osiyo haqida nima biladi?


Bu hafta Amerikada demokratlar haftasi bo’ldi. Saylovoldi qurultoyida partiya Barak Obamani bir ovozdan prezidentlikka nomzod etib tasdiqlab, Bush ma’muriyatining salkam sakkiz yillik siyosatini keskin qoraladi.

Obama AQSh tashqi siyosatini tubdan o’zgartiradi, kelishmovchiliklarni qurol bilan emas, diplomatiya orqali hal eta boshlaydi deydi demokratlar.

Obama va uning safdoshlari firkicha terrorga qarshi kurash Iroqda emas, aynan Afg’on- Pokiston chegarasidagi hududlarda olib borilishi lozim, chunki Tolibon va Al-Qoida, razvedka ma’lumotlariga ko’ra, shu mintaqaga joylashib olgan.

So’nggi oylar ichida Afg’onistonda vaziyat tang, terror xurujlari ko’payib, xalqaro koalitsiya kuchli zarbaga uchramoqda. Barak Obama Afg’onistonda NATO kuchlariga yordamni oshirish kerak deydi.

Obama Iroqda ahvol biroz barqarorlasha boshlaganini tan oladi. Bush ma’muriyati Iroq hukumati bilan qo’shinlarni u yerdan 2012 yilgacha olib chiqishga kelishib olgan. Obama prezidentlikka saylansa, armiyani ertaroq qaytarish niyatida.

Yana bir masala - bu Amerikaning xalqaro nufuzi tushib ketganidir. Obama fikricha bunga AQShning Iroqqa xalqaro hamjamiyat bilan hisoblashmay bostirib kirgani, Guantanamo va Iroqning Abu-G’arib qamoqxonalaridagi qiynoqlar, Saudiya Arabistoni kabi repressiv davlatlar bilan neft sabab olib boriladigan hamkorlik, muvozanatsiz siyosat sabab bo’lgan.

Barak Obamaning maslahatchisi Filip Krovli Bill Klinton prezidentlik davrida davlat xavfsizligi masalalari bilan shug’ullangan.

Krovlining tushuntirishicha, Obama jahon ahli bilan bog’lanmoqchi. "Davlatlar bilan aloqalarda faqat harbiy yoki faqat iqtisodiy emas, ko’p-tomonlama hamkorlik qilishni istaydi", -deydi u. "Chunki Amerika beradigan yordam ko’p hollarda xalqqa emas, bevosita amaldorlar cho’ntagiga ketadi".

Keksa demokrat, sobiq prezident Jimmi Karter fikricha, dunyo hozir Amerikaga umuman ishonmay qo’ygan. “Biz kimmiz boshqalarga aql o’rgatadigan? Bush davrida Amerikaga bo’lgan hurmat, sodiqlik hissi butunlay chilparchin bo’ldi”, - deydi 82 yoshli arbob.

"Barak Obama prezidentlikka saylansa, inauguratsiya marosimidayoq jahon ahliga qarata, “Men prezident ekanman, AQSh hech kimni qiynoqqa solmaydi. Men prezident ekanman, aniq sababsiz biror davlatga o’t ochmaymiz. Men prezident ekanman, inson huquqlarini hamma narsadan ustun qo’yamiz”,- deya so’z berishi kerak. Shu so’zlari bilanoq Obama dunyo xalqlarini eritishi mumkin".

Prezidentlik uchun Respublikachilar partiyasi nomzodi Jon Makkeyn Obamani “aqlli, ammo xom siyosatchi” deb ataydi. Uningcha Obama global masalalarini, ayniqsa xavfsizlik bilan bog’liq muammolarni tushunmaydi.

”Makkeynning bu tanqidi asossiz va o’rinsiz”,- deya javob beradi Obamaning maslahatchisi Filip Krovli.

“Eron masalasini olaylik. AQSh 30 yildan beri bu davlat bilan aloqada emas. Makkeyn fikricha terror homiysi deb ataluvchi Eron bilan hech qanday munosabat yuritmaslik lozim. Obama esa global tinchlik yo’lida AQSh har bir davlat bilan gaplashishi, kelishmovchiliklarni yechish uchun diplomatiyaga zo’r berish kerak degan fikrda. Gaplashmasangiz, muammoga yechim qaydan keladi”?- deya so’raydi Krovli.

Respublikachi kongressmen Erik Kantor esa Obama va uning o’rinbosari bo’lish uchun nomzod Jo Bayden xavfli davlatlar bilan yuzma-yuz muzokara qilib, hammani tahdid ostiga qo’yadi deydi.

”Hizbulloh va Xamas singari qonxo’r guruhlarni moliya bilan ta’minlab, bizni va bizning Isroildek sodiq ittifoqchilarimizni nishonga olib kelayotgan tomonlar bilan bir davrada o’tirish AQShga yarashadigan ish emas, bu sharmandalik bo’ladi”,- deydi kongressmen Kantor.

Shimoliy Koreyani atom qurollaridan voz kechtirish masalasida ham demokratlar va respublikachilar turlicha strategiya taklif qilmoqda. Obama muzokaralar davom etsin deyapti, Makkeyn esa Pxenyanga nisbatan keskinroq talablar qo’yish tarafdori. Gapga ko’nmasa, bu davlat BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan jazolanishi kerak, deydi Makkeyn.

Barak Obama ham, Jon Makkeyn ham Rossiya-Gruziya urushida Kremlni ayblagan va har ikkisi nazarida Rossiya eski ittifoqni tiklashga va demokratiya yo’llarini to’sishga urinmoqda.

Makkeyn va Obama senator sifatida tashqi siyosat va aloqalar bilan shug'ullanuvchi qo'mitalarga a'zo.

Makkeyn Markaziy Osiyo bo’ylab ko’p marta safar qilgan va mintaqa hukumatlari bilan yaqindan tanish. Uning fikricha Qirg’izistondan boshqa hech bir davlatda demokratik o’zgarishlar ko’zga tashlanmaydi. Harakatlar bor, deydi u, lekin fuqaro jamiyati bosim ostida va huquqqa hurmat past.

Makkeyn O’zbekistonni strategik jihatdan juda muhim davlat deb hisoblaydi va Islom Karimovni eng zolim rahbarlardan biri deb ataydi. 2005 yildagi Andijon voqealarini keskin qoralagan va O’zbekistonga nisbatan sanksiyalar qo’yish taklifi bilan chiqqan. Saylansa, nohukumat tashkilotlarga yordamni oshirishi va hukumat bilan ochiq muloqot qilishga, xavfsizlik yo’lida birga ishlashga harakat qilishi mumkin.

Obama Markaziy Osiyoga nisbatan qanday siyosat olib borishi mumkinligi haqida hozircha biror aniq izoh yo’q, ammo demokratlar diqqatni inson huquqlari, ijtimoiy yordam va madaniy aloqalarga qaratish zarur deb keladi.

XS
SM
MD
LG