Shanxay Hamkorlik Tashkiloti nega Rossiya kutgan javobni bermadi?


Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar Dushanbedagi sammit oxirida qo’shma deklaratsiya imzoladi.

Uning qisqacha mazmuni quyidagicha: Janubiy Osetiyadagi mojaro tashvishga molik, tomonlar ixtilofni muzokara yo’li bilan hal qilishi lozim.

Tashkilot nazarida Rossiya Gruziyadagi nizoni tezkorlik va shiddat bilan bartaraf etib, to’g’ri ish qilgan.

Shu bilan birga, har bir davlatning hududiy yaxlitiligi, madaniy va tarixiy an’analarini hurmat qilish lozim, deydi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti rasmiylari.

Rossiya esa Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olib, bu nizomni, mavjud xalqaro qonunlarni buzgan. G’arb davlatlari Kremlning qarorini keskin e’tiroz bilan qarshi oldi. Xitoy ham xavotirda ekanini yashirmayapti.

Xitoy ko’plab millat va elatlar yashaydigan davlat, hukumat bo’lginchi guruhlar bilan kurashib keladi.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo boshqa davlatlar, xususan, O’zbekiston, Qozog’iston va Tojikiston uchun ham bo’lginchi, isyonchi kuchlar yot muammo emas. Hech kim tarafkashlik qilib, Rossiya manfaatini o’z manfaatlaridan ustun qo’ymoqchi emas.

Tarozining bir pallasida G’arb va AQSh bilan siyosiy-iqtisodiy aloqa tursa-yu, ikkinchi pallasida Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligi tursa, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar qay birini tanlashini aytish qiyin emas.

Dushanbedagi sammitda Dmitriy Medvedev prezident sifatida ilk bor qatnashdi. U Shanxay Hamkorlik Tashkiloti a’zolarini o’ziga og’dirishga, undan o’rnak olib, Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olishga ko’ndirmoqchi edi. Biroq hech bir davlat Rossiyaga ergashmadi.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev nazarida Gruziyadagi mojaro oxirgi yillarda ro’y bergan eng mudhish fojealardan biridir. G’arb matbuoti Kavkazdagi urushni xolis yoritmagan, kim haq va kim nohaq ekani haqida yanglish tasavvur paydo bo’lgan, deydi Medvedev.

Yevropa Ittifoqida rasilik qilayotgan Fransiya kelasi dushanba favqulodda yig’ilish o’tkazmoqda. Rasmiy Parij nazarida Rossiyaning harakatlari sanksiyaga loyiq. Kreml Moldova, Ukraina va Qrim yarimoroliga tajovuz qilishi mumkin, deydi Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernar Kushne. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu taxminni “g’irt safsata” deb atagan.

“Gruziyaga qarshi harbiy kuch ishlatib, Rossiya ShHT davlatlarini noqulay sharoitga solib qo’ydi. Rossiya butun dunyoga o’z qurol kuchini ko’rsatib qo’ydi. Shuning uchun ShHT sammitida o’ziga kerak bo’lgan yakdilikka erisholmadi”, - deydi tojikistonlik tahlilchi Ilhom Yusupov.

Ba’zilar nazarida Rossiya Qozog’iston hududiga da’vo qilishi mumkin. Qozog’izton ham bir vaqtlar Qirg’izistonga o’z yerini berib qo’ygan.

“O’zbekiston Zafarobod yerlarini qaytarishga harakat qiladi degan gaplar bor. Tojikistonning esa ba’zi yerlari Bekobod, Toshkent territoriyasiga qo’shilib qolgan. Agar bu masalalar ko’tarilsa, og’ir oqibatlarga olib kelishi mumkin”, - deydi tojikistonlik olim. Unga ko’ra, bu kabi omillar tufayli ShHTga a’zo mamlakatlar Rossiyaning Kavkazga nisbatan siyosatini ochiq qo’llay olmaydi.

Ba’zi tahlilchilar Rossiya ShHT sammitida bu tashkilot harbiy salohiyatini kuchaytirish masalasini ko’tarishini aytgan edi. Lekin Dushanbeda o’tgan sammitida Rossiya o’ylaganidek bo’lmadi.

“Sammitda Afg’oniston masalasi asosiy mavzu bo’lib qolaverdi. O’zbekiston prezidenti bu masalada NATO bilan hamkorlikni unutmaslik kerakligi ta’kidladi. Islom Karimovning so’nggi gapiga Rossiya prezidenti Medvedevning sammit davomida qilgan chiqishiga javobdek qarasak bo’ladi,” - deydi jamiyatshunos Ilhom Yusupov.

Regionda transport yo’llarini rivojlantirish, o’lka xafvsizligi, narkotrafikka qarshi kurash, energetik va va oziq-ovqat taqchilligi, chegaraoldi suv muammolari, iqtisodiy va moliyaviy aloqalarni rivojlantirish, investisiya va ekologiya singari masalalar sammit kun tartibida bo’ldi.

Lekin Islom Karimovning tashrifi davomida viza tartibini bekor qilish va chegaralarni ochish haqida biror yangi gap aytilmagan.

XS
SM
MD
LG