Breaking News

Gruziya Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzdi


Rossiya Gruziyaning bo'lginchi hududlarini mustaqil deb tan olgach, rasmiy Tbilisi Moskva bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qilgan. Rossiya qaror yuzasidan afsus bildirsa-da, Tbilisidan o'z diplomatlarini ham chaqirib olmoqda.

Germaniya matbuotiga bergan intervyusida, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin Kavkazdagi voqealarga xolis baho berishni hamda Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga sanksiya qo'ymaslikni so'ragan. 1 sentyabr kuni ittifoq a'zolari Bryusselda yig'ilib, Rossiya bilan munosabatlarni qayta ko'rib chiqadi.

Gruziya Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, Rossiya fuqarolariga viza berish to'xtatilgan. Gruziyaning Moskvadagi elchixonasi xodimlari vatanga qaytmoqda. Mamlakat parlamenti bu qarorni yoqlab ovoz bergan.

Gruziya hukmron partiyasi a'zolaridan David Darchiashvili "hujjat ramziy ma'noda qabul qilindi" deydi. Ikki mamlakat o'rtasida diplomatik aloqalar allaqachon uzilgan.

"Mazkur yilning aprel oyida NATOning Buxarestdagi anjumanida Gruziya va Ukrainaning harbiy tashkilotga a'zo bo'lish to'g'risidagi arizasi ko'rib chiqilgan edi. Unda ishtirok etgan Rossiyaning amaldagi bosh vaziri Vladimir Putin NATOning sharq tomon kengayishiga keskin qarshilik bildirgan. Sammit ketidan Rossiya va Gruziya o'rtasida ziddiyatlar avj oldi va iyul oyida elchini chaqirib olgan edik", - deydi qonunchi David Darchiashvili.

Unga ko'ra Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili Rossiya qo'shni davlat ekanini tushunadi. "Ammo Rossiya suveren davlat hududlarini o'ziga qo'shib olish harakatida ekan, aloqani uzishdan boshqa chora yo'q".

Bu orada BMT qochqinlar agentligi mojaro zonasida yashayotgan aholi taqdiridan xavotir bildirmoqda. Qurollangan guruhlar, deydi agentlik xodimlari, Janubiy Osetiya mintaqasi va Gori shahri o'rtasida joylashgan olis qishloqlarni talamoqda. Aholi bu joylarni tark etishga majbur.
XS
SM
MD
LG