AQShning janubiy shtatlari kuchli to'fon bilan yuzlashmoqda


Soatiga 185 kilometr tezlikda urayotgan dovul Luiziana, Florida va Texasga yaqinlashar ekan, hukumat 2 million aholini evakuatsiya qilgan.

Gustav to'foni tufayli AQShning Respublikachilar partiyasi Minnesota shtatida rejalagan qurultoyini deyarli bekor qilgan.

Prezidentlikka respublikachi nomzod Jon Makkeyn "aholi xavf bilan yuzlashayotgan bir mahada bayram qilish noo'rin" deydi.

Ofat oldidan hukumat odamlardan shaharlarni tark etishni so'ragan. Janubiy shtatlar aholisining 95 foizi qo'shni shtatlarga yo'l olgan.

Uch yil ilgari yuz bergan ofat hammaga dars bo'lgan. 2005 yilda Katrina to'foni Luiziana shtatini xonavayron qilgan, 1400 kishini hayotdan olib ketgan edi. Ko'rilgan zarar milliardlab dollar deb baholangan. Yangi Orlean shahri hamon o'ziga kelgani yo'q.

Bugun Minnesota shtatida respublikachilar qurultoyi boshlanib, Jon Makkeyn prezidentlikka nomzodlikni qabul qilishi kutilgan edi. Prezident Jorj Bush va vitse-prezident Dik Cheyni saylovchilarga murojaatini bekor qilib, ofat zonasini ko'zdan kechirmoqda.

Gustav to'foni Yamayka, Gaiti va Dominikan Respublikasi va Kubaga ham talofat keltirdi. 86 kishining yostig'i qurigan.
XS
SM
MD
LG