Bayden Obamaning saylovdagi "hujumchisi" bo'ladi


AQShda prezidentlikka Demokratik Partiya nomzodi Barak Obama vitse-prezidentlik uchun keksa va tajribali senator Jo Baydenni (Joe Biden) tanladi.

Partiyaning saylovoldi qurultoyida ikki arbob xalqqa murojaat qilib, "Amerikaning porloq kelajagi uchun ovoz bering",- dedi.

Senator Barak Obama vitse-prezident zaruriyat tug'ilsa davlatni bosqara olishi kerak deydi.

"O'sha odam Jo Bayden",- deydi Obama.

Obama vitse-prezidentlikka nomzodni o'z ona shtati Illinoisda xalqqa tanishtirdi. O'zi ham prezidentlik poygasiga bir yarim yil oldin shu shtatda kirgan edi.

47 yoshli Obama AQSh Senatiga 2004 yilda saylangan. Katta tajribaga ega emas. Shu bois muovinlik uchun 36 yillik senatorni ma'qul deb topdi.

"Jo Bayden haqiqiy, zehni o'tkir, uzoqni o'ylab ish ko'radigan, dono arbob. Mard inson. Gapida turadi. Maqsadini yashirmaydi",- deydi Obama.

Barak Obama o'z saylov kampaniyasida tarafdorlari bilan Internet va uyali telefon orqali aloqa qilmoqda.

Obamaning tarafdorlari orasidan har kimni topasiz: ko'pi yoshlar, professionallar, oliy ma'lumotli, shuningdek ishchi-mehnatkashlar.

"Bu Amerika uchun juda muhim damlar. Uch soat yo'l bosib, bolalarimni uni ko'rishga olib keldim",- deydi saylovchilardan biri.


Yana bir saylovchi esa Obama va Baydenning sahnaga chiqishini 19 soat kutibdi.

"Jo Bayden Vashingtonda pishgan odam. Jahon siyosatini chuqur tushunadigan inson",- deydi u.

Bayden uzoq yillardan beri Senatda Xalqaro aloqalar qo'mitasiga raislik qiladi. Dunyo kezib, turli davlatlarning rahbarlari bilan uchrashadi. Iroqdagi urushni boshida yoqlagan, ammo Bushning siyosatini qoralab keladi. Amerika xalqaro hamjamiyat bilan qayta bog'lanishi kerak deydi u.

"Tashqi siyosatni o'zgartirish, uni tubdan yangilash payti yetgan. Aks holda dunyodagi o'rnimiz, nufuzimizdan ayrilamiz",- deydi Bayden.

Senator prezidentlik uchun ikki bor harakat qilgan. Shu yil boshida hatto Obamaning raqibi edi. Biroq u bilan tenglasha olmadi.

Jo Bayen, deydi siyosiy fanlar professori Robert Dudli, uddaburo maslahatchi.

"Barak Obama, ko'pchilik nazarida, Jo Baydenni o'z hujumchisi sifatida tanladi. Jo Bayden siyosiy janglarda usta, har qanday sohada bahslasha oladigan, kuchli arbob",- deydi Dudli.

Jo Bayden vitse-prezidentlik uchun ko'rsatilishi bilanoq Obamaning respublikachi raqibi, safdosh senator Jon Makkeynni nishonga ola boshladi. Bayden fikricha Makkeyn eskicha qarashga ega, zamondan orqada qolgan.

Uning nazarida Makkeyn o'zini elita a'zosi deb biladi va oddiy amerikaliklarni tushunmaydi. Tushuna olmaydi ham deydi u.

"Chunki Makkeyn maoshga kun ko'rish nimaligini bilmaydi. Hatto nechta uyi borligini sanay olmaydi. Boyligi ko'p bo'lgandan keyin shu-da"!

Biroq Baydenni ham va'daboz siyosatchi sifatida ko'radiganlar bor. Tarix fanlari professori Allan Lixtman Bayden va Makkeyn bir qozonda qaynaydigan odamlar deya fikrlaydi.

"Bayden prezidentlikka harakat qilganida, o'zi ham Makkeyndek katta xatolarda tanqid qilingan. Axborot vositalari Baydenni ko'p narsalarda ayblagan",- deydi Lixtman.

Amerika siyosatida, deydi olim, aybsiz, halol va rostg'oy arbobning o'zi yo'q. Xalq ham buni yaxshi biladi. Saylanish uchun o'sha haqiqatdan xabardor odamlarning ko'ngliga yo'l topish kerak.

XS
SM
MD
LG