Amnistiya siyosiy mahbuslarni chetlab o'tishi mumkin


O'zbekiston mustaqilligining 17 yilligi munosabati bilan chiqarilgan amnistiya, Senat qaroriga ko'ra, og’ir jinoyatlarda aybdor deb topilgan kishilarga tegishli emas.

Respublika konstitutsion tuzumiga qarshi harakatlarda va siyosiy ig'volarda ayblanib sudlangan kishilarning yaqinlari amnistiyaga katta umid bog'lagan edi.

Qarorga binoan xotin-qizlar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18ga to'lmagan yoshlar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet el fuqarolari, ehtiyotsizlik sabab birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxslar jazo muddatidan ozod etilishi kerak.

Shuningdek, amnistiya mahbuslarning jazo muddatini qisqartirishni, belgilangan tartibda tergov surishturuv ishlari tugatilishini ham nazarda tutadi.

Amnistiya qamoqxonadagi ichki tartibni muntazam buzayotgan mahbuslarga nisbatan qo'llanmaydi. Faollarga ko'ra siyosiy mahbuslar odatda tartib buzuvchilar sirasiga kiritiladi.

"Birdamlik" harakatining O`zbekistondagi rahbari Dilorom Isoqova deydiki: "Amnistiya faqatgina mustaqillikning 17 yilligiga emas, balki inson huquqlari bo'yicha xalqaro deklaratsiyaning 60 yilligiga ham to'g'ri kelmoqda. Afsuski, bu qaror o'g'ri, qallob va odam o'ldirgan kishilar uchun sovg'a bo'lishi mumkin. Lekin haqiqatda begunoh o'tirgan kishilarga hech qanday nafi tegmaydi. Mana 17 yillik arafasida A`zam Turg`unov hibsga olindi. Jurnlist Solijon Abdurahmonov va boshqalar qamoqda o'tiribdi".

Ta`qiqilangan diniy tashkilotlarga a`zolikda ayblanib qamalgan mahbuslarga nisbatan amnistiya faqat mahbus qat'iy tuzalish yo'liga o'tgandagina qo'llanilishi mumkin.

Huquq himoyachilariga ko`ra qat'iy tuzalish yo'li bu aybga to'liq iqror bo'lish va davlat rahbaridan kechirim so'rab tilxat yozish demakdir. Diniy e'tiqod bo'yicha qamalgan mahbuslarning ko'pchiligi esa, deydi huquq himoyachilari, yetarli dalil-isbotlarsiz qamalgan.

"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati tarqatgan bayonotda qamoqda saqlanayotgan 20 ga yaqin faolning ro'yxati keltiriladi. Jamiyat nazarida bu insonlar hukumatni tanqid qilgani uchun panjara ortiga tashlangan.

Amnistiya ijrosi sud tizimi zimmasiga yuklangan. "Ezgulik"ka ko'ra, sudlar faqat hukumat buyurtmasini bajaradi. Faollarning ozod etilishi amnistiyaga emas, aslida hukumat muruvvatiga bog'liq. deydi jamiyat a'zolari.

"Huquq himoyachilariga qo`yilgan ayblovlarning deyarli yuz foizi asossiz. Masalan, Sirdaryo viloyatining o`zida Azamjon Farmonov va Alisher Karamatovlar firibgarlik aybi bilan 9,5 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan. Ularning birinchi marta qamalishi. Hozir odam o`ldirganlar ham amnistiya bilan qamoqdan chiqyapti, lekin uch yildirki "Jasliq"da saqlanayotgan huquq himoyachilariga nisbatan amnistiya qo'llanmadi", - deydi "Ezgulik"ning Sirdayodagi vakili Isroil Rizayev.

Huquq himoyachilariga qo'yilgan jinoyatlar og'ir jinoyat turlariga kiritilmasligi mumkin, biroq ularga nisbatan amnistiya qo`llanilishi baribir mavhum.

XS
SM
MD
LG