Dik Cheyni Tbilisiga 1 milliard dollarlik yordam paketi yetkazadi


AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni bugun Kavkaz bo’ylab safarini boshladi.

Ayni damda Ozarbayjon poytaxti Bakuda prezident Ilhom Aliyev va neftga boy bu davlatning boshqa rasmiylari bilan uchrashib, o’zaro hamkorlik va mintaqadagi vaziyatni muhokama qilmoqda.

Amerika Ozarbayjon va Gruziyaga, Rossiyani chetlab o’tgan holda, G’arbga yonilg’i yetkazuvchi yo’l sifatida qaraydi.

Cheyni Bakudan Tbilisiga yo’l oladi. Tashrifdan asosiy maqsad, deya tushuntiradi Oq Uy xodimlari, Gruziya prezidenti Mixail Saakashvilini har tomonlama quvvatlash va uning xalqiga bir milliard dollarlik yordam paketini topshirish.

Cheyni fikricha Rossiya Janubiy Osetiyadagi qaltis vaziyatdan foydalanib Gruziyaga bostirib kirgan va endi u yerdan o’z qo’shinlarini olib chiqishga shoshmayapti.

Rossiyadek eski imperial qudratini tiklashga urinayotgan davlat orada imzolangan sulh shartlariga ko’z yummoqda, hatto Gruziyada o’z armiyasi borligini tan ham olmaydi, deydi Cheyni.

"Rossiya o’z fuqarolarini himoya qilayotganini ro’kach qiladi, ammo bu bir xiyla",- deydi AQSh vitse-prezidenti. Rossiya fuqarolari manfaatini ko’zlab ish tutadigan davlat bo’lganida avvalo mamlakatdagi demokratik harakatlar ildiziga bolta urmagan bo’lar edi deya ta’kidlaydi Cheyni.

AQSh hukumati nazarida Rossiyada so’z va fikr erkinligi cheklangan, muxolifat tazyiq ostida va boshqaruv yakkahokimlikka asoslangan. Bu ham yetmagandek, deydi Cheyni, endi Rossiya separatizmni ham quvvatlamoqda.

AQSh vitse-prezidenti Kremlni hamisha keskin tanqid qilib kelgan. Hatto prezident Jorj Bush sobiq prezident, hozirda bosh vazir Vladimir Putinni yaxshi inson deya maqtaganida ham Cheyni uni “g’irt josus” va “KGB sarqiti” deb atashdan toymagan.

Cheyni Gruziyadan keyin Ukrainaga boradi. G’arbda ko’pchilik Rossiya endi Ukrainaga hamla qilishi mumkin degan xavotirda. Ukraina prezidenti Viktor Yushenko Amerika gazetalarida bosilgan murojaatnomalarida G’arbdan Kreml bosimiga qarshi amaliy yordam so’ragan. Rasmiy Kiyev nazarida Rossiya Ukraina harbiy flotini Qora dengizdan surib chiqarishga urinmoqda. Lekin Rossiya G’arbga gaz va neft eksport qilishda Ukrainaga tayanadi.

Dik Cheyni Kiyevda Ukraina rahbariyatini Rossiyadan xavfsiramaslikka va o’z xalqi foydasi uchun ish ko’rishga undashi kutilmoqda.

Rossiya hukumati o’tgan kunlar ichida AQShga nisbatan tanqidni kuchaytirgan. Prezident Dmitriy Medvedev, bosh vazir Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ketma-ket bergan intervyularida Vashingtonni siyosiy o’yin va nayranglarda ayblagan. Xususan Medvedev Rossiyani hech kimga bosh egmaydi degan. Katta Sakkizlikdan chiqarib yuborishsa ham Rossiya o’z yo’lini topib ketadi. "Bu guruh baribir mojarolarni hal etishga qodir birlashma emas",- deydi Rossiya prezidenti.

XS
SM
MD
LG