Makkeyn va Peylin: Oq Uy "bizniki" bo'ladi


AQShning Sent-Pol (Saint-Paul) shahrida Respublikachilar Partiyasining saylovoldi qurultoyi davom etmoqda.

Unda 72 yoshli senator Jon Makkeyn (John McCain) prezidentlikka nomzod sifatida rasman tan olinadi.

Makkeyn qurultoyda ertaga so’zga chiqadi, bugun esa vitse-prezidentlikka ko’rsatilgan Sara Peylinn (Sarah Palin), Alyaska shtatining 44 yoshli gubernatori, respublikachilarga murojaat qiladi.

Amerikada siyosat mahalladan boshlanadi deyishadi. Sara Peylin yosh va notanish bo’lishi mumkin, ammo mahalliy siyosatda chiniqqan va korrupsiya qarshi kurashib nom qozongan amaldor. Jon Makkeyn uni “aynan adolatparvarligi uchun tanladim” demoqda.

Kecha prezident Jorj Bush (George Bush) ham respublikachilarga murojaat qilib, "Makkeyn Amerikaning navbatdagi prezidenti bo’lishi kerak, faqat u biz boshlagan ishni, terrorga qarshi kurashni yakunlay oladi",- dedi.

"Jahon juda notinch. Bo’lajak prezident dushman kim ekanini yaxshi bilishi va unga qarshi keskin choralar ko’ra olishi lozim. Buni faqatgina Jon Makkeyn eplay oladi”,- dedi Bush.

Keksa senatorlardan Jo Liberman (Joe Lieberman), Makkeynning yaqin do'sti, Demokratik partiyadan prezidentlikka ko’rsatilayotgan 47 yoshli Barak Obamani (Barack Obama) tajribasiz va xom siyosatchi deydi.

"Obama hali dunyo ishlarini yaxshi tushunmaydi, umuman demokratlar bunga qodir emas,”- deydi Liberman. Libermanning o’zi bir paytlar demokrat edi, bugun biror partiyaga a'zo emas.

O’tgan hafta demokratlar qurultoyida Barak Obama "Amerikani Iroq va Afg’onistondagi urushdan olib chiqamiz, mamlakatning jahondagi nufuzini tiklaymiz",- deya jar solgan bo’lsa, bu hafta respublikachilar "Oq Uyga demokrat prezident kelsa urushni boy beramiz va Amerika dunyodagi qudratidan ayriladi", - deya ogohlantirmoqda.

Jon Makkeyn qayerga bormasin saylovchilar tomonidan Sara Peylin haqidagi savollarga ko’milmoqda.

Peylinning o’smir qizi besh oylik homilador va Peylin vitse-prezidentlikka tanlanganida na Makkeyn va na uning o’zi bu haqda og’ir ochgan.

Matbuot bosimi ostidagina bu haqiqat tan olingan va Makkeyn bu oilaviy muammo deb masala haqida gapirishdan bosh tortmoqda.

Tanqidchilar nazarida esa Sara Peylindek din va nikohni hamma narsadan ustun qo’yuvchi arbob onalikni eplay olmagan bo’lsa, vitse-prezidentlikka loyiqmi deb so’ramoqda.

AQSh prezidenti vakolatini bajara olmay qolsa, bu kursiga vitse-prezident o’tiradi.

XS
SM
MD
LG