Eron yoshi yetmagan insonlarni qatl etganlikda ayblanmoqda


BMT Inson Huquqlari Kengashiga ko’ra, Eronda voyaga yetmasdan sudlangan insonlar qatl etilmoqda.

Ayni damda gap ikki shaxsning o’limi haqida ketmoqda.

Biri – 19 yoshli Rizo Hijoziy shu yilning 19 avgustida, ikkinchisi – 20 yoshli Bahnom Zariy 26 avgust kuni qatl etilgan.

O’lim jazosi qo’llanganda bu yoshlar voyaga yetib bo’lgan bo’lsa-da, jinoyatga qo’l urgan, sudlangan va oliy jazoga mahkum etilgan damda ular hali o’smir bo’lgan.

BMT Inson Huquqlari Kengashi vakili Rupert Kolvilning “Amerika Ovozi” ga aytishicha yoshi yetmagan odamlarni o’limga mahkum etish jinoyat.

"Eron Fuqaro va Siyosiy Huquqlar bo’yicha Xalqaro Qonun hamda Bolalar Huquqi bo’yicha Xalqaro Konvensiyaga imzo chekkan”,- deydi Rupert Kolvil.

"Hukumat bu boradagi majburiyatlarni o’zi zimmasiga olgan”,- deydi BMT rasmiysi.

"Bu qonunlar 18 yoshga kirmagan shaxsni qatl etishni taqiqlaydi".

BMT shu kunlarda Eronda yana ikki o’smir qatl etilishi mumkin deb ogohlantirmoqda. Birinchidan hukm bekor qilinishi lozim, ikkinchidan o’smirlar sudlanganda o’lim jazosi tamoman chetga surilishi kerak deydi huquqshunoslar.

”Eron xalqaro qonunlarni buzishga o’rganib qolgan. Mamlakatda haddan tashqari ko’p odam qatl etiladi”,- deydi Rupert Kolvil.

“Masalan, 27 iyulning o’zida 29 mahbusga o’lim jazosi ijro etilgan. 28 iyul kuni esa besh kishi qatl etilgan, biri ayol bo’lgan. Shu yilning o’zida 220 dan ortiq eronlikka o’lim jazosi qo’llangan. Ulardan kamida olti nafari o’smir jinoyatchi bo’lgan”,- deya tushuntiradi BMT Inson Huquqlari Kengashi xodimi.

Eronda o’limga mahkum etilganlar yo dorga osiladi, yo toshbo’ron qilinadi. Toshbo’ron ko’p hollarda bevafolik qilgan odamlar yoki qondoshi bilan jinsiy aloqada bo’lganlarga nisbatan qo’llaniladi. Eronda har yili o’nlab xotin-qizlar toshbo’ron qilinadi.

Dorga osishga kelganda, Eronda mahbusni darhol o’ldiruvchi metod emas, uni bo’shroq osib, dorda ko’proq qiynovchi usul ma’qul ko’riladi.

Qatl etiladigan insonlarning aksariyati qotillik, jinsiy zo’ravonlik va qoradori savdosida aybdor deb topilgan.

Dunyo bo’ylab, ko’plab davlatlarda o’lim jazosi bekor qilinar ekan, Eron qamoqxonalarida o’lim bilan yuzlashayotgan mahbuslar soni oshib bormoqda.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkilotiga ko’ra, o’tgan 10 yil mobaynida AQSh, Xitoy, Kongo va Pokistonda o’smirlar qatl etilgani ma’lum. 2005 yilda AQSh Oliy Sudi o’smir jinoyatchilar oliy jazoga loyiq emas deb hukm chiqargan.

XS
SM
MD
LG