AQShda minglab musulmonlar ro'za tutmoqda


Amerikada Ramazon oyi – islom dini haqida o’rganish davri. Kelib chiqishi, millati, irqi va tilidan qat’iy nazar ro’za davomida ular yagona maqsad ostida birlashadi. O’z madaniyati va urf-odatlariga xos bo’lgan udumlar bilan o’rtoqlashadi.

Dunyo musulmonlarini hamjihatlik va tinchlikka chaqiradi, islom - zulm emas, ezgulik dini ekanini isbotlash uchun boshqa din va e’tiqod vakillari bilan uchrashuv va munozaralar bo’lib o’tadi.

AQShda qancha musulmon istiqomat qilishi turli tashkilotlar tomonidan turlicha keltiriladi. Umum qilib aytganda 6-8 million orasida. Ularning aksariyati dunyoning turli chekkalaridan kelgan muhojirlar va ularning Amerikada katta bo’layotgan farzandlari.

Islomni qabul qilgan amerikaliklarni ham topasiz. Oilalar halol go’sht yeyishga harakat qiladi. Jamoalar birga iftorlik qiladi. Og’iz ochilgach barcha namozga yig’iladi. Ramazon oyi davomida musulmonlarning sevimli joyi – shirinliklar do’koni, deydi senegallik muslima Amina Tambush.

“Amerikada yig’ilish o’z yo’liga. Ammo vatanimdagi bayram, oilaviy mehmondorchiliklarni sog’indim. Bu yerda hamma kechgacha ishlaydi, ko’rishish amri mahol. Biroq shunda ham ilojini qilib do’stlarimiz bilan iftorlik qilib, namoz o’qiymiz”, - deydi muslima.

Juma namoziga Vashingtonda joylashgan qadim masjidga yuzlab musulmonlar yig’iladi. Ayniqsa Ramazon oyida oyoq bosishga joy qolmaydi. Ramazon oyi musulmonlar taqvimi bo’yicha bundan 14 asr ilgari, Muhammad payg’ambarga muqaddas Qur’on kitobi tushirilgan kundan boshlab nishonlab kelinadi. Shundan beri shukronalik ramzi sifatida tongdan kun botargacha ro’za tuta boshlangan.

Vashingtondagi Islom Markazi imomi Abdulla Xo’ja Amerikadek din va elatga boy mamlakatda Ramazon oyi o’zgacha tusda o’tadi deydi.

“Atrofga qarang turli davlatlarning bayroqlarini ko’rasiz. Dunyoning deyarli barcha burchagidan yig’ilgan mo’minlar ramazon oyida iftorlik ustida yig’ilib, suhbat quradi. Kun davomida qilgan ish va amallari haqida gapirib, sabr va qanoat uchun Allohga hamd-u sano o’qiydilar.”

Ramazon oyida, deydi imom Xo’ja, musulmonlar boshqa dindagi vatandoshlarga islom haqida ma’lumot berishga harakat qiladi. Musulmon bo’lmagan do’stlarini iftorga taklif qilib, urf odatlarini namoyon qiladi. Qadriyatlar haqida gapirib beradi.

“Tashkilot bo’ladimi, kichik bir guruhmi, nasroniymi, yahudiymi barchaga eshigimiz ochiq. Bu yerga kelib biz bilan birga og’iz ochib, muloqot qilishlari mumkin”, - deydi Abdulla Xo’ja.

Imom nazarida AQSh prezidentining Ramazon tabrigi bilan chiqishi va Oq Uyda iftor dasturxoni yozilishi amerikaliklarga bu dindan yaxshi saboq bermoqda.

Prezidentga ko’ra, insonlar bir-biridan qanchalik ko’p o’rgansa, shuncha o’xshash ekanini ko’radi.

Gap o’xshashlikda, farqlarda emas deydi yana bir amerikalik muslima.

“Islom - barcha odamlarni hamjihatlikka da’vat qiluvchi din. Ramazon oyi shuni isbotlash uchun berilgan imkoniyatlardan biri.”

Ramazon oyi musulmonlar uchun murakkab sinov hamdir. Bu yil ro’za yangi o’quv yili boshlanayotgan davrga to’g’ri keldi. Kun uzoq, darslar ko’p, ish ko’p. Talaba bo’lsangiz, bu tartib va talablarga moslashish oson emas deya tan oladi Muhammad Tafish.

“Bolalarimiz o’qishi kerak, o’rtoqlari bilan o’ynagisi keladi, sport bilan shug’ullanishni istaydi. Lekin ro’za tutgan kishi ko’p narsalardan tiyinishga majbur. Barcha tushlikka borganida ro’zadorman deb chetda turasiz. Qiyin emas, ammo sal noqulay”, - deydi Tafish.

Musulmonlar dindagi farzlarga amal qilgan holda Amerika hayotiga moslashar ekan, bu jamiyat ham islom haqida tobora kengroq tushunchaga ega bo’lmoqda.

XS
SM
MD
LG