Jurnalist Solijon Abdurahmonovning sud kuni belgilandi


Qoraqalpog`istonda mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov ustidan tergov jarayoni yakunlangan. Giyohvand moddalar savdosida ayblanayotgan jurnalistning sudi 12 sentyabrga belgilangan.

Nukusda muxolifat a`zosi, firibgarlikda gumon qilinayotgan A`zam Turg`unov ishi bo`yicha sud jarayoni davom etmoqda.

Mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonovning advokati Bahrom Abdurahmonov so’zlariga ko`ra, tergov mobaynida jurnalistga nisbatan qo`yilgan ayblar o`z isbotini topmagan.

“Tergovda qo`yilgan ayblarni bo`yniga olmagan bo`lsa ham hujjatlar sudga yuborildi. Bosh prokurorga ariza yuborilgan, biroq natija yo`q, hozircha. Sud Taxtako`pir tumaniga berilgan, jarayon shaharda, sayyor sud sifatida ko`riladi”, - deydi Bahrom Abdurahmonov.

Qoraqalpog’istonlik Solijon Abdurahmonov bundan uch oy muqaddam, unga tegishli avtomashinadan giyohvand modda topilgach, hibsga olingan edi.

Dastlab, Solijon Abdurahmonovga giyohvand modda saqlash aybi qo`yildi, keyinchalik bu ayblov giyohvand moddalarni sotish maqsadida saqlashga almashtirildi.

Sharhlovchilar Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishini jurnalistlik faoliyati bilan bog`laydi. Jurnalist hibsga olingach, uyi tintuv qilingan, jurnalistik maqolalari, siyosiy adabiyotlar musodara qilingan.

Qoraqalpog`istondagi sanoqli mustaqil jurnalistlardan biri hisoblangan Abdurahmonov uznews.net axborot agentligini muxbiri sifatida ishlayotgan edi. U avval “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiolari bilan ham hamkorlik qilgan.

Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishi bir qator xalqaro tashkilotlar noroziligiga sabab bo`ldi, bu borada Germaniya Tashqi ishlar vazirligi, nemis jurnalistlari uyushmasi tomonidan tashvishli bayonot bildirilgan edi.

Huquq himoyachilari fikriga ko`ra, faollarga nisbatan tazyiqlar to`xtamagan, ayni paytda Nukusda “Mazlum” inson huquqlari tashkiloti rahbari, firibgarlikda ayblangan A`zam Turg`unov sud ishi davom etmoqda.

Mazkur ishda kuzatuvchi sifatida qatnashayotgan “Birdamlik” harakati vakili Dilorom Ishoqova A`zam Turgunovning ishini soxta deb hisoblaydi. Dastlab, 500 ming so`m pora talab qilishda ayblangan huquq himoyachisi, hozirga kelib 20 million so`m pora talab qilishda ayblanmoqda. A`zam Turg`unov tergov jarayonida qiynoqqa tutilgani taxmin qilinmoqda.

“Tergov jarayonida qattiq kuydirilgan, biroq buni kim qilganidan tergovchilar ham bexabar”, - deydi Ishoqova.

Yaqinda Toshkent shahar sudida Ichki Ishlar Vazirligiga qarashli harbiy sport maktabi o`qituvchilari ustidan sud jarayoni yakunlandi. Huquq himoyachilariga ko`ra, maktab o`quvchisini tahqirlagan, qiynoqqa solgan o`qituvchilarning bu tariqa jinoiy javobgarlikka tortilishi O`zbekistonda inson huquqlari ahvolidan dalolat beradi.

“Mazkur ish yuzasidan javobgarlikka tortilgan har ikki o`qituvchiga nisbatan o`tgan yil dekabr oyida e`lon qilingan amnistiya qo`llandi, amnistiya esa e`lon qilingandan so`ng uch oy mobaynida qo`llanilishi mumkin”, - deydi Qiynoqlarga qarshi tezkor guruh vakili Nikolay Kungurov.

Tashkilot tomonidan bu borada tarqatilgan ma`lumotga ko`ra, qiynoq aynan hukumat idorasi vakillari tomonidan ko`rsatilgani uchun jinoiy ish shu tariqa yumshoq yakunlangan.

Sharhlovchilarga ko`ra, yaqinda hukumat inson huquqlari himoyasi yuksak qadriyat ekanini e`tirof eta boshladi, O`zbekistonda Inson Huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi 60 yilligi munosabati bilan qator chora-tadbirlar belgilangan.

Keyingi paytda inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston rasmiylari o`rtasida muzokaralarga sabab bo`lib kelmoqda. Yevropa Ittifoqi rasmiy Toshkentga nisbatan sanksiyalarni oktyabr oyida qayta ko`rib chiqishi kerak. Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Fransiya rasmiylari sanksiyalar muhokamasida inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat inobatga olinishini ta`kidlagan.

XS
SM
MD
LG