Yevropa Ittifoqi: Gruziyadagi mojaro xalqaro tergov qilinsin


AQSh nazarida Rossiya Gruziya bilan sulh shartlariga amal qilmay, xalqaro sahnada o’zini o’zi yakkalamoqda. AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays “Rossiya sobiq Sovet davlatlariga nisbatan munosabatini o’zgartirishi lozim” deydi.

Gruziya, Ukraina va Ozarbayjonga safar qilayotgan vitse-prezident Dik Cheyni ham Rossiyani xalqaro qonunlarni buzayotganlikda tanqid qilgan. Uning aytishicha Guziya va Ukraina albatta NATO a’zoligiga kiradi.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Fransiyada yig’ilib, Gruziyaga xalqaro kuzatuvchilarni yo’llash masalasini muhokama qilgan. Gruziyaning ayrim hududlarini hamon nazorat qilayotgan Rossiya ham bu taklifni quvvatlaydi. Mintaqaga 200 dan ortiq kuzatuvchi safarbar etilishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Rossiya va Gruziya o’rtasidagi urushni boshlashga javobgar tomonni aniqlash uchun xalqaro tergov o’tkazishga ham chaqirmoqda.

O’tgan hafta ittifoqning favqulodda yig’ilishida Rossiya bilan strategik hamkorlikni to’xtatishga qaror qilingan. Ammo Rossiyaga sanksiya qo’yish taklifi rad etilgan edi.

8 sentyabr kuni Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi Moskvaga boradi. Uning vositachiligida erishilgan sulh shartlarini, deydi mutaxassislar, G’arb davlatlari va Rossiya turlicha talqin qilmoqda.

Londonlik tahlilchi Bobo Lo fikricha sulh ish bermayapti. “Rus askarlari hamon Gruziyada qolmoqda. Nikolya Sarkozi Moskvada aynan shu masalani ko’taradi”.

XS
SM
MD
LG