O'zbekistonlik mehnatkash yoshlar yozni AQShda o'tkazdi


Har yili yoz oylarida AQShning dam olish maskanlari, mehmonxona va sayilgohlarida xorijlik yoshlar ko’payadi.

Ul-bul yumushda ko’maklashadi, yordamchilik, oshpazlik, tarjimonlik qiladi, hovuzda qutqaruvchi bo’lib ishlaydi va hokazo.

Bu yoshlar – AQShning “Work and Travel” (Mehnat va Sayohat) dasturi ishtirokchilaridir. Masalan, sobiq ittifoq davlatlaridan AQShga har yili yozgi ta’til paytida qariyb 10 ming talaba keladi.

Yozning boshida AQShga kelgan qoraqalpog’istonlik Sobit Bakiyev Michigan shtatida oshpaz bo’lib ishladi. Til o’rganish uchun keldim, miriqib dam oldim deydi u:

“Avvaliga ruslar jamoasida ishladim, ingliz tilini o’rganishga sharoit yo’q edi”, - deydi u.

Keyin esa amerikalik tengdoshlari bilan tanishdi. Sobit Bakiyev hozir Moskva Po’lat va Qotishma Instituti (Московский Институт Стали и Сплава) ning ikkinchi bosqich talabasi.

“Bitirib, Amerika universitetlariga hujjat topshirmoqchiman, yangi do’stlarim yo’l-yo’riqni o’rgatib qo’yishdi”, - deydi u. Sobit Bakiyevning AQShga kelishiga InterExchange tashkiloti ko’maklashdi.

“Mazkur notijoriy tashkilot bu yil 75 nafar o’zbekistonlik talabani Amerikaga olib kelgan”, - deydi direktor Keysi Slemin.

Odatda dasturga tanlov bahor oylarida e’lon qilinadi. O’zbekiston universitetlarida kunduzgi bo’limda o’qiydigan, ingliz tilini biladigan studentlar tanlab olinadi. Yo’l haqi, turar joy bilan bog’liq xarajatni yoshlar o’zi ko’taradi.

Chipta narxi taxminan 1000-1500 dollar, turar joy uchun karmonda har ehtimolga qarshi 500 dollar bo’lgani yaxshi. InterExchange tashkilotining vazifasi esa talabaning vizasini to’g’rilash va Amerikadan 3 oylik ish topib berish.

InterExchange nomli bu notijorat tashkilotining maqsadi turli yo'nalishdagi almashinuv dastulari orqali madaniyatlar o'rtasida aloqani mustahkamlash. Xususan, InterExchange enagalik (au pair USA), sayohat (working abroad - AQS yoshlari uchun), yozgi lagerda ustozlik qilish (camp USA), AQSh kompaniyalarida malaka oshirish (Career Training USA), mehnat va sayohat (work and travel USA), AQShda talab katta bo'lgan mutaxassislarni ishga yollash (H2-B visa USA) kabi yo'nalishlarda ishlab keladi.

"Work and Travel" yo'nalishidagi muhim shartlar shuki, talaba faqat ta'til paytidagina Amerikada ishlashi mumkin, viza muddati tugagach, vataniga qaytishi zarur. Dasturga hujjat topshirish shartlarini tashkilot veb sahifasidan topish mumkin. Hujjatlar tasdiqlansa, tashkilotning O'zbekistondagi vakili talabgor bilan bog'lanadi.

“Amerikaga kelganda hammasi silliq kechmasligi mumkin. Talaba ishidan haydalgan yoki ishidan ko’ngli to’lmagan holatlar bo’lgan. Ana shunday hollarda tashkilotga murojaat qilish kerak, boshqa ish topamiz”, - deydi Keysi Slemin.

Qoraqalpog’istonlik Sobit Bakiyev xarajatni kamaytirish uchun talabalar bilan birga yashadi.

“Men kelgan samolyotda talabalar juda ko’p edi”, - deydi u. Avvaliga hovuzda qutqaruvchi bo’lib ishladi, ish paytida uxlab qolgani uchun haydaldi.

Sobit bir shtatda o’tirmasdan, boshqa joylardan mustaqil ish qidirib, nihoyat Michiganda qo’nim topdi. Kuniga 4 soat oshpazlik qiladi, soatiga 7-8 dollar maosh oladi. “Bir kuni hatto prezidentlikka demokratlardan nomzod Barak Obama ham men yashaydigan shtatga keldi, uni yaqindan ko’rdim”, - deydi Sobit Bakiyev.

O’zbekistonlik talaba Xusan Umarov Indiana shtatida savdo-sotiq sohasida (Southwestern Company) ishladi.

Boshida juda zerikdim deydi u. Keyin Nyu-York shahriga ko’chib, Uoll Stritdagi (Wall Street) yirik kompaniyada (E1 Asset Management) yordamchi bo’lib yollandi. Hozir juda xursand. Umuman, chet ellik yoshlar mustaqil ish qidirishiga hech kim to’sqinlik qilmaydi. Biroq ayrim cheklovlar bor, deydi Keysi Slemin.

“Studentlar enagalik qilishi, birovning xonadonida xizmat qilishi, tibbiy sohada ishlashi, eshikma-eshik yurib savdo-sotiq qilishi taqiqlanadi. Shu istisnolarni hisobga olmaganda boshqa sohalarda bemalol ishlash mumkin”.

Ba’zilar AQShga ortiqcha 2-3 so’m pul ishlay deb keladi. Ammo ko’pchilik yoshlar Amerikaga samimiy va, muhimi, foydali rishtalarni bog’lash, til o’rganish, tajriba orttirish, odamlar bilan tanishish uchun kelib-ketish kerak, deb hisoblaydi.

XS
SM
MD
LG