Breaking News

O'zbekistonlik yetim bolalar AQShda panoh topishi mumkin


Qo’shma Shtatlar chet eldan bola boqib olishni xohlovchilar serob. Ko’p bolalar Xitoy, Rossiya va Osiyoning boshqa davlatlaridan boqib olinadi.

Masalan, o’tgan yili Xitoydan salkam 5 ming, Rossiyadan 4 mingdan ziyod bola Amerika oilalariga farzand bo’ldi. O’zbekistondan esa bor-yo’g’i 12 nafar go’dak asrab olingan. Mehribonlik uylarida o’sayotgan bolalar qayerda bo’lgani ma’qul? Vatanidami yohud Amerikada?

Qo’shma Shtatlar xorijdan bola asrab olish bobida dunyoda birinchi o’rinni egallaydi. Deylik, o’tgan yili amerikaliklar 20 mingga yaqin chet ellik go’dakni bag’riga olgan.

AQSh Davlat Departamenti saytida aytilishicha, bolani xorij fuqarolariga berishga O’zbekiston rasmiylarining uncha xushi yo’q, jarayon juda og’ir. Viktoriya Katz mana shu sohada ishlovchi “About a child”, ya’ni “Bola haqida” deya nomlangan agentlik direktori. Agentlik ikki yildan buyon O’zbekiston bilan ishlab keladi.

Viktoriya Katzning aytishicha, O’zbekiston rasmiylarining ko’pi yetim yoki nogiron bola nihoyat oila topganini ko’rib, AQShda davolanishini mumkinligini bilib, quvonadi. Lekin O’zbekistondan bola boqib olish jarayoni puxta ishlab chiqilmagan. Mehribonlik uylari, u yerdagi bolalar haqida ma’lumot bazasi yo’qki, chet el oilalari shunga qarab, mana bu yerda yordamga muhtoj bola bor ekan deb harakatini qilsa, deydi Viktoriya Katz.

Yaqingacha bola taqdirini O’zbekistonda muayyan shahar yoki tuman hokimi hal qilib kelardi. Ya’ni oila hokimga yoqsa-yoqdi, bo’lmasa yo’q edi.

Lekin o’tgan yili qabul qilingan qonunga ko’ra, endi O’zbekiston Xalq Ta’limi Vazirligi bolaga xaridor bo’lgan oila bilan uchrashishi, sinchiklab tekshiruv o’tkazishi kerak. Vazirlik ma’qul topsagina hokimga tavsiyanoma beradi.

Qo’shma Shtatlarda yetim bolalar soni boshqa davlatlarga qaraganda ancha kam. Shuningdek, deydi mutaxassislar, ko’pchilik oilalar yot millat va madaniyat vakillarini boqib olgisi keladi.

“Bola yetimxonada ruhan va jismonan sog’lom bo’lib voyaga yetmaydi”, - deydi bu borada izlanuvchi olim Adam Pertman.

Viktoriya Katz bu fikrga qo’shiladi, biroq boshqa hal qiluvchi omillar ham bor deydi.

“Gap shundaki, amerikalik oila bolani asrab olib, Qo’shma Shtatlarga olib ketgach, O’zbekistonda (yana boshqa ko’plab davlatlarda), go’dak qarindosh-urug’larining uni qaytarib olishga haqqi yo’q. Vaholanki, AQShda tartib butunlay boshqacha. Bolaning haqiqiy onasi 2-3 yildan keyin bolamni qaytarib bering deb kelsa, hech kim yo’q deya olmaydi. Amerika qonunlari haqiqiy onaning huquqlari birlamchi deb hisoblaydi. Bu esa ham bolaga, ham uni boqib olgan oilaga zarba. Shuning uchun amerikaliklar chet eldan bola asrab olishga moyil”,- deydi Viktoriya Katz.

Oxirgi 2 yil ichida Katz xonimning agentligi O’zbekistondan 3 bolani AQShga olib kelishga yordam bergan. Bir yarim yashar bolakay va to’qqiz yoshli qizaloq ot’gan yili, uch yoshli yana bir bola esa shu yil aprelida Amerikaga kelgan. Bu raqam Qozog’iston va Qirg’izistonga qiyoslaganda g’oyat kam. Qozog’istondan o’tgan yili 540, Qirg’izistondan esa 61 go’dak Amerika fuqarolari tomonidan asrab olingan.

Lekin o’tgan yili Qozog’iston chet elga bola berishni cheklab qo’ydi. Amerikada bolaning ichki organlarini sotishadi, bola boqib olganlar soliq to’lamaydi, yetimni urib, mayib qilishadi, o’ldirishadi degan uzun-quloq gaplar, tabiiyki, bunda katta rol o’ynagan. O’tgan yili AQShda Rossiyadan asrab olingan bola nobud bo’lgan. Avtomobilda yolg’iz tashlab ketilgan bola nafasi qaytib jon bergan.

“Bu voqea sabab O’zbekistondan bir bolaning AQShga kelishi deyarli yarim yilga kechikdi”,- deydi Viktoriya Katz. “Oxirgi 10 yilda amerikaliklar Rossiyadan 50 mingga yaqin yetim bola asrab olgan. Shundan 12 nafari nobud bo’lgan. Statistik jihatdan bu juda kichik ko’rsatkich. Lekin baxtini topib ketgan boshqa o’n minglab bolalarni ham unutmaslik kerak-ku”, - deydi Kats xonim.

Bolalarga xizmat ko’rsatish bo’yicha Xalqaro Kengash (Joint Council on International Children's Services) prezidenti Tom Difilipo fikricha esa avvalo oilalarning buzilib ketishiga yo’l qo’ymaslik, yetim bolalarning ko’payishining oldini olish, yosh avlod salomatligi uchun qayg’urish lozim.

Shuningdek, deydi mutaxassislar, o’smirlarni mas’uliyatli bo’lishga, hayotga jiddiy yondashishga undan, bola ko’rish yuksak javobgarlik ekanini uqtirish lozim, toki oila va mehrga muhtoj bolalar kamaysin.

XS
SM
MD
LG