Rossiya bir oy ichida Gruziyadan harbiy kuchlarini olib chiqadi


Ayni damda Yevropa Ittifoqini boshqarayotgan Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bugun Moskvada. Rossiyani Gruziya bilan imzolangan sulhga to’liq amal qilishga ko’ndirganini aytmoqda.

Sarkozi va prezident Dmitriy Medvedev orasidagi uchrashuv natijalariga ko’ra, Janubiy Osetiya bo’yicha muzokaralar 15 oktyabrda Jenevada boshlanadi. Rossiya bir oy ichida harbiy kuchlarini Gruziyadan olib chiqishi kerak. Sarkozining aytishicha Rossiya bilan diplomatik dialog davom etadi.

Sarkozi vositachilik qilgan sulh shartlariga ko’ra tomonlar urushdan oldingi pozitsiyalariga qaytishi kerak edi. Biroq Rossiya Gruziyada qolgan harbiylarini “tinchlikparvar kuch” deb atab, hali-beri chiqarmasligini bildirayotgan edi.

Sababi shundaki, apil-tapil tuzilgan sulh matnida aniqlik yetishmaydi. Natijada har bir tomon uni o’zi bilganicha talqin qilishi mumkin.

Masalan, Rossiya nazarida uning askarlari Janubiy Osetiya atrofidagi maxsus xavfsizlik zonalarida joylashib olgani boshidan kelishilgan. AQSh va Yevropa Ittifoqi bunga qo’shilmaydi. Gruziya bu harbiy qismlarni “bosqinchi kuch” deb biladi.

Yevropa Ittifoqining ijoriya organi - Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barroso “Rossiya o’z manfaatlarini kuch bilan emas, faqat diplomatiya va muzokara yo’li orqali himoya qilishi kerak” deydi. Ya’ni, rus askarlarining Gruziyada qolayotgani kelishuvga zid, deya uqtirmoqda Yevropa diplomatlari.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining noharbiy kuzatuvchilarini Gruziyaga yo’llash masalasi muammo bo’lib turibdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Andrey Nesterenko so’zlariga ko’ra “bunday missiyaga hojat yo’q, hududda xalqaro kuzatuvchilar yetarli”.

Joze Manuel Barroso so’nggi kunlarda Rossiya va G’arb o’rtasida avj olayotgan so’zlar urushini ham bas qilish kerak deydi. “Sovuq urush tomon o’gishni emas, Rossiya bilan konstruktiv aloqa qilishni istaymiz”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG