Tojikiston xalqi mustaqillikning lazzati va achchig'ini totmoqda


Markaziy Osiyodagi eng qashshoq mamlakat deb ta’riflanayotgan Tojikistonda mustaqillikning 17 yilligi nishonlanar ekan, oddiy xalq iqtisodiy ahvoldan va madaniy tushkunlikdan shikoyat qilmoqda.

Nevaralarini olayotgan nafaqasi bilan boqib kelayotgan keksa otaxon fikricha, mustaqillik ular hayotiga ijobiy ta’sir ko’rsatmagan.

“Mustaqillikning bizga foydayu ziyoni ko’rinmaydi. Mustaqillik bizning hayotga o’zgartirish kiritmadi. Hech nima bo’lmadi. 51 yil ishlab hozir 71 somon (tojik pul birligi: 1 dollar – 3 somon 44 diram) pul olaman. Hech yetishmaydi, ana senga mustaqillik!” - deydi tojikistonlik otaxon.

Namozxon Мahmud ota Мuhammadov esa mustaqillik tufayli respublikada dinga keng yo’l ochilganini ta’kidlaydi.

Uning aytishicha, aynan mustaqillik tufayli mahalliy aholi haj amallarini bajarishga imkon olgan va aynan mustaqillik sharofati bilan musulmonchilikning besh farzini bajara oladi.

Ba’zilar fikricha, mustaqillik tufayli sho’rolar davrida qilib bo’lmaydigan ishlarni hozir qilish mumkin.

Ammo bu toifa kishilar Tojikiston mustaqilligidan so’ng maishiy hayotda ko’plab cheklovlar paydo bo’lganidan norozligini yashirmaydi. Ayniqsa elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suv ta’minoti mutlaqo qoniqarsiz.

Erkinlik tufayli savdogarlikni kasb etgan tojikistonlik yoshlar bozor iqtisodiyotidagi siljishlardan mamnunligini bildiradi.

“Qancha pul ishlasak, hech kimning biz bilan ishi yo’q. Bu bizga yaxshi,”- deydi savdogar yoshlar.

Lekin tojikistonlik o’zbek ziyolilari mustaqillik tufayli xalq mol-mulki taron-taroj qilinayotganini ta’kidlar ekan, omma orasida sabr-bardosh yo’qolganini aytishadi.

“Biz vijdon va iroda bilan jamiyat qurdik. Alloh dilda edi, hozir tilga chiqib, hamma rasvo bo’ldi,” - deydi keksa o’qituvchi Abdushukur Qodirov.

O’zbek shoiri Jamshid mustaqillikdan so’ng respublikalar o’rtasida paydo bo’lgan chegaralar sabab Tojikiston milliy maktablarida ilm-ma’rifat, savodxonlik pasayib ketganiga e’tibor qaratadi.

“Keyingi 17 yil orasida, xususan, o’zbek maktablarida bilim, ma’rifat, tarbiya juda cho’kib ketdi. Chunki manbalardan ajralib qoldik,” – deb kuyunadi shoir Jamshid.

Universitet talabasi Shuhrat Jumaboyev mustaqillik yilida tug’ilganidan faxrlanadi va bugungi qiyinchiliklar vaqtincha ekaniga ishonadi.

“Bizning ota-onalarimizda hozirgi sharoitlar bo’lmagan. Bugungi imkoniyatlardan men faxrlanaman. Imkoniyat bo’lsa, chet ellarga o’qishga borar edim. Mustaqillikdan so’ng ko’p xatoliklar, qiyinchiliklar bo’lmoqda deyishadi. Lekin albatta yorqin kunlar kelishiga ishonamiz,” - deydi Shuhrat Jumaboyev.

XS
SM
MD
LG