Breaking News

Kreml Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan diplomatik aloqa o'rnatmoqda


Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziya bilan diplomatik aloqa o'rnatmoqda. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov "Gruziya bu ikki mintaqani qayta bosib olishiga yo'l qo'ymaymiz, Rossiya harbiylari bu yerda uzoq vaqt qoladi" demoqda.

Moskvada Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bilan muloqotdan so'ng, Dmitriy Medvedev bir oy ichida Gruziyani tark etamiz deya va'da bergan. "Gruziya kuch qo'llamaydi, Yevropa Ittifoqi buni kafolatlaydi", - deydi Sarkozi.

Kelishuvga ko'ra Rossiya kuchlari 15 oktyabrga qadar urushdan oldingi pozitsiyalariga qaytadi. Kelishuv Gruziyaning kuch qo'llamaslik haqidagi va'dasiga asoslangan. "Rossiya kuchlari o'rnini xalqaro kuzatuvchilar egallaydi", - dedi Dmitriy Medvedev.

Rus askarlari kelasi hafta Gruziyaning Poti bandargohini ham tark etadi. Bu ham Gruziyaning Abxaziyani tinch qo'yishi sharti bilan. Janubiy Osetiya va Abxaziya bo'yicha muzokaralar esa 15 oktyabrda Jenevada boshlanadi.

Rossiyaning bu ikki mintaqani mustaqil deb tan olgani hamon tortishuvlarga sabab bo'lmoqda. Nikolya Sarkozi Rossiya xalqaro qonunlarga amal qilmayapti desa, Medvedev qaror bekor qilinmaydi deydi.

Yil oxirida Rossiya AQSh biqinida joylashgan Karib orollari yaqinida Venesuela bilan harbiy mashqlar o'tkazadi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Andrey Nesterenko "harbiy mashqlar hech bir mamlakatga qarshi qaratilmagan va Kavkazdagi urushdan oldin rejalangan edi" deydi.

Bu orada, Janubiy Osetiyada qo'lga olingan polshalik ikki jurnalist qo'yib yuborilgan. Ular qatori gruzin haydovchi ham ushlangan edi. Haydovchi ham ozod etilgan.

Osetin kuchlari va Rossiya harbiylari ularni josuslikda ayblayotgan edi. Jurnalistlar va haydovchi ularga nisbatan kuch ishlatilmaganini aytmoqda.
XS
SM
MD
LG