Breaking News

Kongressda AQSh-Rossiya aloqalari muhokama qilindi


AQSh qonunchilari bir qator rasmiylarni AQSh-Rossiya munosabatlari xususida so'roqqa tutgan. Vakillar Palatasi va Senatning tashqi aloqalar qo'mitalaridagi tinglovlarda Gruziyadagi ahvolga ham baho berilgan. Qo'shma Shtatlar Gruziya armiyasini qayta tiklashga pul ajratishni ko'zlamoqda. Rasmiy Vashington Gruziyaga bir milliard dollarlik iqtisodiy yordam va'da qilgan.

AQSh Davlat kotibi muovini Daniel Fridning tinglovda so'zlashicha, Gruziya iqtisodiyoti, xavfsizligi va hududiy daxlsizligini tiklash AQSh manfaatlari doirasiga kiradi.

"NATO va Qo'shma Shtatlar mamlakatning harbiy ehtiyojlarini o'rganmoqda," deydi Frid.

AQSh Mudofaa vaziri o'rinbosari Erik Edelman esa AQSh-Rossiya munosabatlari og'ir kunlarni boshdan kechirmoqda deydi. Rossiya Yevropada yangi siyosat yuritmoqda va buning oldini olish kerak, deydi u.

"Xalqaro hamjamiyat Rossiyaning bosqinchilik harakatiga qat'iy ravishda qarshi chiqdi. Jahonning Rossiya bilan qanday aloqa qilishi birgina rasmiy Moskvaning o'ziga, yaqin oylar ichida uning Gruziyadagi harakatlariga bog'liq. AQSh siyosati ana shu harakatlarga qarab belgilanadi," deydi Erik Edelman.

Respublikachi qonunchi Ileana Ros-Leytinenning aytishicha, Gruziya va umuman mintaqa kelajagi Qo'shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi siyosatiga bog'liq.

"Rossiya Ukrainaning bir qismiga da'vo qiladimi, ko'p etnik ruslar yashovchi Boltiq bo'yi davlatlariga bosim o'tkazadimi, bir necha millionlik rus aholisiga ega Qozog'istonda ham bu masala ko'tariladimi, Rossiya o'z qo'shinlarini Moldovadan olib chiqadimi? Ana shu masalalar va ularga nisbatan G'arbning yondashuvi ko'p narsalarni belgilaydi," deydi qonunchi.

Ayrimlar nazarida Qo'shma Shtatlar Rossiya bilan hamkorlik darvozasini yopmasligi kerak.

Respublikachi kongressmen Dana Rorabakerning aytishicha, ruslar do'st bo'lishni istayotgan bir paytda Qo'shma Shtatlar ularni dushmanga aylantirmoqda.

"Gruziya muhim hamkor, ammo Rossiya ham AQSh manfaatlari uchun muhim," deydi demokrat qonunchi Shila Jekson Li. Uning nazarida muvozanatni topa bilish kerak.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ta'biricha, Yevropa Ittifoqi Gruziyaga ittifoq kuzatuvchilarini yo'llash haqidagi shartnomani noto'g'ri talqin qilmoqda. Moskvada imzolangan hujjatga ko'ra, deydi Lavrov, kuzatuvchilar Abxaziya va Janubiy Osetiyada emas, balki uning tashqarisida ish olib boradi. Shundan so'nggina Rossiya qo'shinlarini u yerdan olib chiqadi. Ya'ni Abxaziya va Janubiy Osetiyadan emas, balki uning tashqarisidagi gruzin hududlaridan. Yevropa Ittifoqi esa kuzatuvchilar butun Gruziya bo'ylab faoliyat yuritishi kerak degan fikrda.

XS
SM
MD
LG