Breaking News

Sharqiy Yevropa: sotsialistik o'tmishdan demokratik kelajak sari


1989 yilda Sharqiy Blok davlatlari birin-ketin Sovet Ittifoqidan yuz o’girib, NATO va Yevropa Ittifoqi kabi g’arb tashkilotlariga qo’shila boshladi.

Polsha, Chexiya va Vengriya kabi davlatlar uchun bu jarayon nisbatan oson kechgan bo’lsa, boshqalarida boshqaruv hamon zaif, fuqaro jamiyati ildiz otmagan.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan mahalliy jurnalistlar uyushgan jinoyatchilik, hukumatdagi poraxo’rlik, professional kadrlar yetishmovchiligi kabi muammolarni tilga oladi.

Bolgariyalik suhbatdoshimiz Ilin Stanev Dnevnik va Kapital gazetalarining Vashingtondagi muxbiri. Muammolar barchaga oydek ravshan, deydi u.

“Bolgariyada demokratik tizim zaif. Demokratiya deganda birinchi navbatda saylovlar tilga olinadi, biroq tizim poydevori – qonun ustuvorligi hamda fuqaro jamiyati kuchli emas” - deydi Stanev, - “Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun, bir so’z bilan aytganda, iroda yetishmaydi.”

Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod mamlakatga qator talablar qo’yiladi. Masalan Ruminiyada huquq-tartibotni kuchaytirish va korrupsiyani kamaytirish stragetiyasi ishlab chiqilqan edi.

Tahlilchi Suzana Dobrening aytishicha, Ruminiya o’tgan yili ittifoqqa qabul qilingach, bu ezgu sa’y-harakatlar to’xtab qoldi. Hatto islohotlarni ortga burishga qaratilgan urunishlar bo’ldi. Ruminiya ommaviy axborot vositalari ancha erkinlashgan, deydi Dobre, ammo yirik tele-radiostansiyalar ko’pincha amaldorlarga yoki ularga yaqin odamlarga tegishli.

Jurnalist Ilin Stanevga ko’ra Bolgariya matbuotida o’z-o’zini tsenzura qilish hollari uchrab turadi, ammo umuman olganda erkin. Lekin televideniyega amaldagi hukumat ta’sir o’tkazishga urinib keladi.

Sobiq kommunistik davlatlar ichida Serbiya bosib o’tgan yo’l tamoman boshqacha, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’lgan serbiyalik muxbir Svetlana Vukovich. Uningcha, Bolgariya va Ruminiya Yevropa izidan borgan bo’lsa, Serbiya millatchilik va urush yo’lini tanladi.

“2000 yilda Slobodan Miloshevich hukumati ag’darilgach, Serbiya yangi davrga qadam qo’ya boshladi. Lekin davlat idoralari, sudlar, parlament, huquq-tartibot, armiya va ayniqsa maxfiy xizmatlar demokratik o’zgarishlarga tayyor emas edi,” - deydi Vukovich.

Muxbirning ta’kidlashicha, ayni paytda Serbiya jamiyati ikkiga bo’lingan. Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyani targ’ib qilayotganlar hamda “NATO bizdan Kosovoni olib qo’ydi” deya G’arb demokratiyasini rad etayotganlar. Shunday bo’lsa-da, Serbiya yaqin kelajakda Yevropa Ittifoqiga kirishi mumkin. Mamlakat parlamenti ittifoq bilan hamkorlikni oshirishga qaror qilgan va bu boradagi bitim tasdiqlangan.

Tahlilchilar nazarida G’arb tashkilotlariga a’zolikka kirish ilinji islohotlarga turtki berishi mumkin, biroq ularni amalga oshirish hukumat va mahalliy rahbarlar irodasiga bog’liq.

XS
SM
MD
LG