AQShni qaqshatgan terror hujumlari o'zbekistonliklar nazarida


2001 yilning 11 sentabrida AQShda amalga oshirilgan terror xurujlari global siyosatni tubdan o’zgartirdi desak xato bo’lmaydi.

Jahondagi eng qudratli davlat sarhadida bir vaqtning o’zida bir necha yo’lovchi samolyoti olib qochilib, mamlakatning turli burchaklarida qulagani, muhim shaharlar xavf ostida qolgani, terrorchilarning asl maqsadi nafaqat AQSh iqtisodiyoti timsoli bo’lgan Jahon Savdo Markazlari, balki siyosiy markaz - Vashington va Oq Uyni, AQSh Mudofaa vazirligi joylashgan Pentagon inshootini nishonga olgani jahon ahlini vahimaga solgan.

Kamida 3 ming kishi hayotdan ko’z yumgan edi. Prezident Bush bugun o’lganlarni xotirlab, nutq so’zladi. AQSh prezidentligiga nomzodlar demokrat Barak Obama va respublikachi Jon Makkeyn bu mash’um sana munosabati bilan bugun siyosiy bahs-munozara yuritmaslikka ahd qilgan.

Amerikada bu kun qanday xotirlayotganiga sal keyin to’xtalsak-da, hozir bu sana O’zbekistonda qanday eslanayotgani bilan tanishsak.

Eng shafqatsiz terorchilik harakati sifatida qayd etilgan 11 sentyabr teraktlari bundan yetti yil muqaddam O`zbekiston aholisini ham qo`rquv, dashsatga solgan edi. Terror qamrovi, to`g’ridan to`g’ri efirga uzatilgan lavhalar odamlar xotirasidan o`chmagan.

“Judayam qo`rqinchli va butun dunyoni larzaga solgan mudhish voqea bo`lgan edi. Buning ildizi juda chuqur, yulib tashlab bo`lmaydi, chunki bugun ham davom etmoqda, ertaga ham davom etadi. Dunyoda minglab g`oyalar bor, hammasining ham yashagisi keladi, biroq hammasi ham umuminsoniy maqsadlar uchun xizmat qilmaydi. Millatlarni urushtirishga qaratilgan g`oyalar borligini ham inkor qilib bo`lmaydi, shunday g`oyalar bor ekan bu kabi voqealar davom etaveradi”, - deydi sharqshunos olim Abdusattor Jumanazar.

11 sentyabrdan keyin AQSh bevosita mintaqaga kirib keldi. Terrozimga qarshi kurash maqsadida xalqaro koalitsiya tuzildi. O`zbekiston ham bu koalitsiyaga qo`shildi. Afg`onistonda AQSh, NATO kuchlari harbiy amaliyotlar boshladi, biroq terorizm xavfi zaiflashgani yo’q.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, 11 sentyabr teraktlari O`zbekiston hukumati uchun siyosiy pozitsiyani mustahkamlashga xizmat qildi, mamlakatda terrorizm xavfi haqidagi tushuncha yanada kengaydi, diniy e`tiqod yuzasidan bosim-tazyiqlar ortdi.

“Dunyo 2001 yil 11 sentaybrdan keyin terrorchilik muammosini tan olishga majbur bo`ldi. Bunga qarshi kurashish uchun davlatlar o`rtasida bitimlar tuzila boshladi. Bu harakatlar O`zbekistonning qatag`on-repressiya siyosatiga ma`lum darajada legitimlik (qonuniy tus) ham berdi. Bu narsa O`zbekistonda terrorchilik xavfi bor, bunday xavf dindorlardir degan gap-so’zlarni paydo qildi va inson huquqlari uchun kurashga ham jiddiy zarba bo`ldi”, - deydi mahalliy faollardan biri Abdurahmon Tashanov.

Mulohazalarga ko`ra, 11 sentyabr fojealarini dunyo oldida turgan muammoning timsoli sifatida ham tushunish mumkin. Fojeadan keyingi vaziyat muammo og’irlashayotganini ko`rsatmoqda, xolos.

“Terorchi, ekstremistlar deb nomlanayotgan kishilar bilan odamlarcha yuzma-yuz gaplashib, muzokarar yuritilsa, ehtimol bunday teraktlar kamayar.Odam qachon eng so`nggi choraga boradi? Qachonki o`z fikrini, maqsadini amalga oshirolmasa. Ehtimol, bu odamlar ham yaxshi odamlardir, ular ham dunyo rivoji, jamiyat rivoji uchun yaxshi hissa qo`shishni maqsad qilayotgandir. Hozirgi siyosatchilarimiz bu bilan hisoblashmay, faqat manqurtligiga tayansa, bunday teraktlar davom etaveradi”, - deydi mahalliy faol Bobomurod Razzoqov.

Yetti yil muqaddam AQSda sodir etilgan teraktlar oqibatida uch ming atrofida odam qurbon bo`lgan edi, ular orasida O`zbekiston fuqarosi ham borligi ta`kidlanadi.

XS
SM
MD
LG